Qumqo‘rg‘onda ekoturizm loyihalari taqdimoti hamda xotin-qizlar bandligi o‘rganildi

Viloyat hokimining haftalik ish rejasida juma kunlari turizm, madaniyat, sport va axborot kommunikatsiyalari sohasi hamda xotin-qizlar masalalari bilan ishlash, hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, kelgusidagi vazifalarni belgilash rejalashtirilgan.

Bugun shu maqsadda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, tumanda joylashgan “Surxon” suv omborida vohamizdagi mavjud suv omborlari, o‘rmon xo‘jaliklari va davlat qo‘riqxonalari hududida ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda mazkur hududlarda amalga oshiriladigan ekoturizm loyihalar, ularning iqtisodiy samaradorligi va kutilayotgan natijalar yuzasidan tadbirkorlar tomonidan taqdimot qilindi. Viloyat rahbari taqdimotlar bilan tanishib, ekoturizm salohiyati yuqori bo‘lgan vohamizda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Mas’ullarga ishlab chiqilgan loyihalarni takomillashtirish, ularni amalga oshirish uchun hududlarda infratuzilmani yaratish vazifasi topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari “To‘maris” to‘yxonasida lider tadbirkor ayollar va ularning onalari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda qatnashdi. Davlat va jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan, iqtisodiyotimiz tayanchi bo‘lib, ish o‘rinlari yaratayotgan ayol tadbirkorlarga minnatdorchilik bildirildi hamda ularga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi. Lider tadbirkor ayollardan yoshlarni ham tadbirkorlikka o‘rgatib, saflarini kengaytirish so‘raldi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari “Mashhura” o‘quv markazida xotin-qizlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun ish o‘rinlari mavjud bo‘lgan kasblar, xususan, tikuvchilik, uy hamshiraligi, qandolatchilik kabi yo‘nalishlarda o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. O‘quv markazi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha tadbirkorga tavsiyalar, mas’ullarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish topshirig‘i berildi.

Tashrif davomida tuman hokimligi binosida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, shuningdek, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi muammolarni o‘rganish va hal etish masalalari muhokama qilindi. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.

Mas’ullarga hududlarda belgilab berilgan chora-tadbirlar ijrosini sifatli ta’minlash, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish hamda joylarda infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, tashrif davomida g‘alla o‘rim-yig‘imi tadbirlarining borishi bilan ham tanishilib, sektorlar va otryad rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Mavsumni uyushqoqlik bilan sifatli tashkil etish, g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.