Ulug‘bek Qosimov: “Hududlardagi muammolarni ko‘tarib chiqayotgan jamoatchilik faollaridan minnatdormiz!”

Jurnalistlar, blogerlar hamda voha faollari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari, axborot xizmatlari rahbarlari ishtirokida Termiz muhandislik-texnologiya institutida OAV vakillari hamda blogerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Dastlab, viloyat rahbari vohamizda keng ko‘lamli islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, kelgusidagi rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Jurnalist va blogerlarga amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishdagi faolligi hamda joylardagi mavjud muammolar, aholini qiynab kelayotgan masalalalarni holis va haqqoniy olib chiqib, ularning hal etilishida o‘z hissalarini qo‘shayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimining tashabbusi bilan tashkil etilgan muloqot guruhiga kelib tushgan murojaatlarning hal etilishi hududlar, tarmoqlar va sohalar kesimida tahlil qilindi.

Murojaatlar ijrosini tezkorlik bilan hal etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan mas’ullarning faoliyati e’tirof etilib, davlat xizmatchilaridan shu tartibda ishni tashkil etish zarurligi, shu orqali rahbarlarning faoliyatiga baho berilishi qayd etildi. Shu bilan birgalikda, mas’ullar tomonidan ayrim masalalar yechimida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi sababli fuqarolarning davlat boshqaruvi organlariga ishonchsizligi yuzaga kelayotganligi tanqid qilindi.

Uchrashuv davomida media sohasi hamda jamoatchilik vakillari tomonidan hududlar rivojiga xizmat qiluvchi yo‘nalishlarda takliflar berildi.

Boshqarmalar rahbarlariga faollar tomonidan ko‘tarilgan muammolar hamda bildirilgan takliflarni inobatga olib, chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda amalga oshirish vazifasi topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.