Piyoz va boshqa mahsulotlarni sotib olish uchun uchta hududda qabul punktlari tashkil qilinadi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumaniga tashrif buyurib, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ajratish tadbirida ishtirok etdi.
Xususan, tumanning “Dehqonobod” hududidagi “Qosimov Isoxon” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan 10 gektar maydoni 20 nafar otaliqqa olingan yoshlarga 50 sotixdan bo‘lib berildi. Ajratilgan yer maydoni shudgorlanib, ekin ekish uchun tayyor holatda, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yetishtiriladigan mahsulot urug‘lari bilan berildi. Shuningdek, ko‘makka muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 20 nafar xotin-qizlarga 250 kilogramdan bug‘doy tarqatildi.
Viloyat rahbari bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda yoshlar bandligini ta’minlash, ularni qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishlari uchun zarur sharoit yaratish vazifalarini topshirdi.
Shundan so‘ng, Rossiyaning “Leto” kompaniyasi ta’sischiligidagi “Bless S.R” MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan 200 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona, agrologistika markazi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish faoliyati bilan tanishildi. Umumiy qiymati 35 mln dollarlik ushbu loyiha doirasida zamonaviy agrologistika markazini tashkil etish ishlari davom ettirilayotgan bo‘lib, korxonaning 200 gektar maydondagi barcha loyihalari ishga tushirilgach 350 ta ish o‘rni yaratiladi.
Viloyat rahbari shu yerning o‘zida vohada karam va piyoz mahsulotlari yetishtiruvchi yirik dehqon xo‘jaliklari hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kelgusida xaridorgir, xorijiy mamlakatlarda talab yuqori bo‘lgan eksportbop mahsulotlar yetishtirish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Rossiya hududlari bilan erishilgan kelishuvga asosan viloyatimiz dehqonlari tomonidan yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini xarid qilish, eksportini tashkil etish, buning uchun viloyatning uchta hududida qabul punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum qilindi. Mas’ullarga bu boradagi ishlarni sifatli va tizimli tashkil etish topshirildi.
Tashrif yakunida Xalq yo‘li mahallasi hududidagi Navbahor dehqon va chorva mollari bozoridagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Sotuvchi va xaridorlar uchun yetarli sharoitlar mavjud emasligi, savdo joylari tartibga keltirilmaganligi hamda sanitariya-gigiena talablariga rioya qilinmaganligi tanqid qilindi. Tuman rahbarlari va mutasaddilarga bozorni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, hududni obodonlashtirish, sotuv nuqtalarini zarur sharoitlar bilan ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqib taqdimot qilish vazifasi yuklandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz