Sho‘rchida ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov korxonalar faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Sho‘rchi tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturiga muvofiq dastlab, tumanning Bunyodkor mahallasida joylashgan “Jayxun tekstil” MChJning tekstil va ip-kalava ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Korxonada yiliga 1,8 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarilib, 300 ming dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Hozirda 120 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritishadi.
Shundan so‘ng, Navro‘z mahallasidagi “Anvar-Abror-Dilshodbek” xususiy korxonasida ofis va oshxona mebellari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Korxonada 28 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning 4 tasiga migratsiyadan qaytgan fuqarolar ishga joylashtirilgan. Yiliga 3 ming dona mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.
Keyingi manzilda “Sanoat va tadbirkorlik zonalari”da amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, “Gold biznes trade” MChJning un va un mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari tadbirkorning muammolarini hal etish, jumladan, faoliyatini kengaytirish uchun kredit mablag‘i ajratish hamda kanalizatsiya tarmog‘iga ulash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yukladi.
Tashrif yakunida tumanning Bobotog‘ mahallasida joylashgan “Jamshid” UJB xususiy korxonasida yaxna ichimliklar ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Ayni vaqtda 20 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan korxonada asosan, gazlangan va gazlanmagan mineral suvlar hamda turli yaxna ichimliklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Viloyat rahbari tadbirkor bilan ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida korxona faoliyatini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi. Mutasaddilarga faoliyatini rivojlantirish uchun tadbirkorga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifasi topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz