Surxondaryo viloyati hokimining tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi turmush darajasini yaxshilash, real daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois Surxondaryo viloyatida ham tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va to‘siqlarni tezkor bartaraf qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugun Termiz muhandislik-texnologiya institutida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimovning tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat, Termiz shahri va tumanlar hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari, mutasaddi viloyat tashkilotlari rahbarlari, 56 nafar xususiy sektor vakillari ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida tadbirkorlarning 64 ta murojaat, taklif va tashabbuslari tinglandi va atroflicha o‘rganildi.

Xususan, kadastr, bino ajratish, infratuzilma bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, tijorat bankidan kredit olish, xo‘jalik yurituvchi subektlarga ko‘rsatilgan xizmat va berilgan mahsulot uchun to‘lanmay qolgan mablag‘ni undirish kabi masalalar o‘rtaga tashlandi.

Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlarning o‘nga yaqini uchrashuv davomida hal etildi. Shuningdek, yechimi ma’lum vaqt talab etadigan masalalar aniq ijro muddati bilan mas’ullarga yo‘naltirilib, o‘rganib chiqish va hal etish vazifasi topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.