Qiziriqda yangilangan ikkita poliklinika foydalanishga topshirildi hamda yoshlar yetakchilarining taqdimotlari bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, yangi ob’ektlarning foydalanishga topshirish tadbirlarida ishtirok etish maqsadida Qiziriq tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tumanning Rabotak mahallasi hududida zamonaviy ko‘rinishda qurib bitkazilgan stomatologiya poliklinikasi foydalanishga topshirildi. Barcha zarur sharoitlar va asbob-uskunalar bilan ta’minlangan poliklinika ochilishida nuroniylar hamda faollar ishtirok etishib, aholi salomatligi yo‘lida yaratiltgan qulayliklar uchun minnatdorchilik bildirishdi.
Shuningdek, “Zoom” platformasi orqali Bog‘iston mahallasida joylashgan “Bog‘iston” oilaviy poliklinikasining yangilangan binosi ham ochildi. Foydalanishga topshirilgan poliklinikalarga “Elektron poliklinika” tizimini yo‘lga qo‘yish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun kompyuter jamlanmalari hamda jihozlar topshirildi.
Shundan so‘ng, tuman hokimligida “Yoshlar daftari” platformasiga kiritilgan, ishsiz yoshlarga o‘zini o‘zi band qilishlari uchun subsidiya asosida sartaroshlik jihozlari, payvandlash uskunasi, tikuvchilik dastgohlari va boshqa asbob uskunalar hamda tumandagi mahallalar uchun kitob javonlarini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Viloyat rahbari subsidiya asosida asbob-uskunalar bilan ta’minlangan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish, shu orqali o‘z tadbirkorligini boshlash uchun poydevor yaratish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Yoshlarga jihozlar topshirish tadbiridan so‘ng, Yoshlar ishlari agentligi shahar va tumanlar bo‘lim boshliqlarining yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘mak ko‘rsatish borasida kelgusidagi rejalari yuzasidan taqdimotlari bilan tanishildi. Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi binosini ta’mirlash loyihasi ham taqdimot qilindi. Yoshlar yetakchilari ishini samarali yo‘lga qo‘yish, kamchiliklarni bartaraf etib, yoshlar bilan manzilli ishlarni tashkil etish vazifasi topshirildi.
Keyingi manzilda tumandagi 36-sonli maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan tanishildi. Maktabning mavjud holati ko‘zdan kechirilib, eski o‘quv binosini ta’mirlash bo‘yicha mas’ullarga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda ishlarni boshlash vazifasi yuklandi. Shuningdek, maktab o‘qituvchilari bilan suhbat qilinib, o‘tgan o‘quv yilida samarali mehnat qilgan ustozlar faoliyati e’tirof etildi, ularga minnatdorchilik bildirildi.
Hududlarga tashrifini Bandixon tumanida davom ettirgan viloyat rahbari og‘ir hudud sifatida tanlab olingan Polvontosh mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan tuman sektor rahbarlari hamda mahalla “yettiligi”ning taqdimotlari bilan tanishdi, ularning hisobotini tingladi. Shuningdek, hududdagi klaster dalasida g‘o‘za parvarishining borishi ham ko‘zdan kechirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz