Denov tumanida yirik loyihalar va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, ishlab chiqarish korxonalari va tibbiyot maskanlari faoliyati hamda yaratilayotgan ish o‘rinlari bilan tanishish maqsadida Denov tumaniga tashrif buyurdi.
Tashrifning dastlabki manzilida Shamolli mahallasida faoliyat yuritayotgan “Sulola hamkor davr” MChJning yaxna ichimliklar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Qiymati 35 mlrd so‘mni tashkil etuvchi korxonada yiliga 113 ming litr yaxna ichimliklar, mineral suvlar ishlab chiqariladi. Ayni vaqtda korxonada 20 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan.
Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, tadbirkorning tikuvchilik sexi tashkil etish loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi. Mazkur loyihani kasb-hunar maktabida tashkil etish orqali yoshlarga hunar o‘rgatish bilan birga ularning bandligini ham ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi. Mas’ullarga loyihani amalga oshirishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, Bog‘i eram mahallasidagi “Chorva ta’minot klaster” MChJning chorvachilik kompleksiga tashrif buyurildi. Qiymati 12 mlrd so‘mlik loyiha doirasida 4 ming bosh naslli mollarni parvarishlash, yiliga 3,5 ming tonna go‘sht va 3,6 ming tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarish maqsad qilingan. Kompleksga tashrif davomida xorijdan keltirilgan zotdor qoramollarni parvarishlash jarayonlari hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida yirik chorvachilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ularning faoliyatlarida duch kelayotgan muammolari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Xususan, kredit ajratish, garov ta’minoti, kadastr, infratuzilma bilan ta’minlash kabi muammolarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyat rahbari vohadagi yirik bozorlarda chorvachilik fermer xo‘jaliklarining go‘sht va sut mahsulotlarini arzon narxlarda sotishni yo‘lga qo‘yish maqsadida povilonlar, alohida yarmarka rastalari tashkil etish lozimligini ta’kidladi.
Keyingi manzilda 2022-yildan buyon aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Azia-Denov” MChJning xususiy tibbiyot klinkasi faoliyati bilan tanishildi. Klinikadagi zamonaviy asbob-uskunalar Germaniya davlatidan keltirilgan bo‘lib, kasalliklarni tashxislash hamda davolash ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat rahbari klinika faoliyatini yanada takomillashtirish uchun eng malakali shifokorlar, xususan, xorijlik mutaxassislarni jalb qilish lozimligini ta’kidladi.
Klinika faoliyati bilan tanishuvdan so‘ng tadbirkorlarning xususiy maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish loyihasi taqdimoti bilan tanishildi. Viloyat rahbari loyihani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, mas’ullarga tadbirkorlar bilan ishlab, loyihalarni takomillashtirish, har tomonlama puxta ishlab chiqib, qayta taqdimotga kiritish vazifasini yukladi.
Viloyat hokimi tumanga tashrifi davomida “Jahon ideal tex” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan sport kiyimlari ishlab chiqarish va ip yigiruv sexi faoliyati bilan ham tanishdi. Tadbirkorning mavjud muammolarini tingladi. Xususan, mutasaddilarga elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etish ko‘rsatmasi berildi. Shuningdek, loyihani kengaytirish va ish o‘rinlari sonini oshirish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.
Tashrif yakunida viloyat rahbari Denov nogironligi bo‘lgan erkaklar muruvvat uyida ham bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz