Boysunda yirik loyihalar va suv ombori qurilishi bilan tanishildi. Yoshlarga yangi uy-joylar kaliti topshirildi
Viloyatimizning har bir hududidan bittadan jami 15 ta og‘ir sharoitdagi, “qizil” toifaga kiruvchi mahallalar tanlab olinib, infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Boysun tumanida Tillakamar mahallasi tanlab olingan bo‘lib, hozirda hududda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Boysun tumaniga tashrifi ushbu mahallada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishuvdan boshlandi. Tuman sektorlari rahbarlari, biriktirilgan mutasaddilar hamda mahalla “yettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Ta’kidlanganidek, mahallada 6 km ichki yo‘llarni toshlash, 50 ta beton ustun o‘rnatish, 2 km tarmoqni yangilash, 2 ta transformator punkti va 35 ta ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish hamda 160 o‘rinli maktab o‘quv binosini ta’mirlash ishlari reja qilingan.
Viloyat rahbari mas’ullarning axborotlarini tinglab, ishlarni sifatli tashkil etish, bir oy muddatda mahallani “qizil”dan “yashil” toifaga o‘tkazish topshirig‘ini berdi. Mahalla aholisi bilan suhbat chog‘ida nuroniylar hududdagi o‘zgarishlardan, ko‘p yillik muammolar hal etilayotganligidan mamnunlarini bildirishdi.
Shundan so‘ng, mahallada joylashgan 8-sonli maktab binosida kommunal soha mas’ullari joriy yil 10-iyun kuni Prezidentimiz huzurida energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi ob’ektlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning viloyatdagi ijrosi yuzasidan taqdimot qilishdi.
Xususan, elektr energiyasi va gaz ta’minoti mas’ullari belgilangan topshiriqlarga asosan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Aholi o‘rtasida energiya resurslaridan tejamkor foydalanishni targ‘ib qilish, tushuntirish ishlarini olib borish, ijtimoiy soha ob’ektlari, sanoat korxonalarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni yanada oshirish topshirig‘i berildi.
Taqdimot davomida shahar va tumanlar hokimlarining qurilish sohasiga mas’ul o‘rinbosarlari hududlarda tanlab olingan qishloq mahallalarida Boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berishdi. Tanlab olingan hududlarda BSKlarning samarali va sifatli faoliyatini tashkil etgan holda tizimda namuna yaratish vazifasi yuklandi.
Taqdimotlar bilan tanishuvdan so‘ng viloyat rahbari ishtirokida “Zoom” platformasi orqali Termiz shahri va tumanlarda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, davlat g‘amxo‘rligiga olingan 56 nafar yoshga uy-joy kalitlarini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Boysun tumanidagi 4 nafar yoshga uy-joylar sertifikati topshirildi. Yoshlarning yaqinlari uy-joylarning berilishi Qurbon hayiti oldidan katta sovg‘a bo‘lganini, davlat tomonidan ota-onasiz qolgan farzandlarga ko‘rsatilgan bu kabi g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklarini ta’kidlashdi.
Viloyat rahbari tumanga tashrifi davomida Kofrun mahallasida barpo etilayotgan “Xangaronsoy” sel-suv ombori qurilishi bilan ham tanishdi. Hozirda ikkinchi bosqichi amalga oshirilayotgan loyihaning ishga tushirilishi natijasida hududda yangi ekin maydonlarini o‘zlashtirish, mavjudlaridan yil davomida hosil olish imkoniyati yaratiladi. Viloyat rahbari qurilish-ta’mirlash jarayonlarini ko‘zdan kechirib, birinchi navbatda qurilish normalariga qat’iy rioya qilish, hudud xavfsizligini ta’minlash uchun suv ombori qirg‘oqlarini mustahkam qilib qurishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi. Shuningdek, hududdagi “Jiydali ota” yodgorligi ziyorat qilinib, o‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilindi, yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab duoga qo‘l ochildi.
Keyingi manzilda ushbu mahallada “Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan 100 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish orqali bog‘ yaratish loyihasi bilan tanishildi. Bugungi kunda ushbu yerning 10 gektarida barcha agrotexnik ishlar bajarilgan holda 15 ming tupga yaqin 6 turdagi mevali ko‘chatlar ekilib, bog‘ yaratilgan.
Shundan so‘ng, “Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasini barpo etish ishlari ko‘rildi. Loyiha qurilishi bo‘yicha viloyat rahbariga axborot berildi. Qiymati 2,9 milliard dollar bo‘lgan majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgacha konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya jalb qilinib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan hamda 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Tashrif davomida viloyat rahbari davlat ahamiyatidagi 4R-100 va 4R-105 “Manguzar–Jarqo‘rg‘on–Bandixon–Oltinsoy–Denov” avtomobil yo‘lining 111 km qismida semento-beton qoplamasi yotqizish ishlarining borishi hamda tumanning Inkobod mahallasi hududida “Kemping” xizmatlari ko‘rsatuvchi turizm majmuasi qurilishi bilan tanishdi. Mas’ullarga qurilish-ta’mirlash ishlari ustidan doimiy nazorat o‘rnatish vazifasi topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz