Oltinsoyda aholi turmush farovonligini ta’minlash borasidagi ishlar o‘rganildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi tashabbuslar taqdimotlari, aholi turmush farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Oltinsoy tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tumanning Oqarbuloq mahallasida sektor rahbarlari tumanda olib borilayotgan ishlar hamda g‘alla o‘rimi jarayonlarining borishi bo‘yicha axborot berishdi. Shundan so‘ng mahalla hududidagi “Shirin EJYu” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan maydonidan ishsiz, otaliqqa olingan, “Yoshlar daftari”da turgan yoshlar uchun yer ajratish, ko‘makka muhtoj oilalarga bug‘doy tarqatish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbari yig‘ilganlarni Qurbon hayiti bayrami bilan tabriklab, ayollardan farzandlarining ta’lim-tarbiyasiga qattiq e’tibor qaratishni, yoshlardan berilgan yer maydonlaridan unumli foydalanishni so‘radi. Mas’ullarga ajratib berilgan yer maydonlarini ekin ekishga tayyorlab berish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, Bo‘ston mahallasida infratuzilmani yaxshilash, hududni og‘ir toifadan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi hamda mahallaning Bo‘ston ko‘chasida voyish usulida uzum yetishtirish loyihasi bilan tanishildi. Sektor rahbarlari va mahalla “yettiligi” amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar, mahallada Boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan hisobot berishdi. Shuningdek, mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuvchilik dastgohlari hamda boshqa asob-uskunalar topshirildi.
Mahalla bo‘ylab yurilib, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha taklif etilayotgan loyihalar, xususan, “Tuyaqush tillolari” oilaviy korxonasining tuyaqush boqishni tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Tadbirkor viloyat rahbariga tuyaqush boqishning afzalliklari, iqtisodiy samaradorligi hamda undan olinadigan tuxum, teri va go‘shtning xususiyatlari haqida axborot berdi. Tajribani ommalashtirish lozimligi qayd etildi. Bundan tashqari, aholi xonadonlarida issiqxonachilik va chorvachilik faoliyatlari bilan ham tanishildi.
Viloyat rahbari ushbu mahalla hududida “Bek metall produktion” MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. E’tiborlisi issiqxona mahalliy jundan to‘qilgan mato - kigiz bilan isitiladi. Tadbirkorlar o‘zgacha shaklda qurilgan issiqxonaning qulayligi, energiya tejamkorligi hamda iqtisodiy samaradorligi haqida axborot berishdi.
Shuningdek, qo‘shma korxona tomonidan ishlab chiqarilyotgan mahsulotlar bilan tanishildi. Ushbu faoliyat turlarini kengatirish bo‘yicha tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Keyingi manzilda “Xursand Sodiqov” fermer xo‘jaligida g‘alla o‘rim jarayonlari bilan tanishilib, mavsumda faollik bilan ishtirok etayotgan kombayn operatorlari hamda mexanizatorlarga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.
Tashrif yakunida tumandagi “Degrez” suv ombori hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ekoturizm loyihalari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishildi. Loyihalar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi hamda hududning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, infratuzilmani yaratish hamda istiqbolli loyihalarni tanlab olib, amalga oshirish ko‘rsatmasi berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz