Denovda xotin-qizlar bandligi va turizm loyihalari taqdimoti bilan tanishildi
Haftaning juma kuni hududlarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar, turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari hamda yangi loyihalar taqdimotlari bilan tanishish, yangi vazifalarni belgilash reja qilingan. Shunga asosan, bugun Surxondaryo viloyati Ulug‘bek Qosimov Denov tumanida bo‘lib, ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Dastlab, tuman hududidan oqib o‘tuvchi Qizil suv daryosi yoqasini chiqindilardan tozalash hamda obodonlashtirish ishlarining borishi, shuningdek, tashkil etilishi rejalashtirilgan saylgoh loyihalari ko‘rib chiqildi. Daryo bo‘yi hududini obodonlashtirib, saylgoh tashkil etish bilan birga uning muhofaza etilishiga ham e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Viloyat rahbari ishlarni jadallashtirib, hudud imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda aholi xordiq oladigan maskan tashkil etish vazifasini belgilab berdi.
Shundan so‘ng, tumanning Sina qishlog‘ini “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish, turizmni rivojlantirish maqsadida turistik kompleks barpo etish loyihalari taqdimoti bilan tanishildi. Sinaning o‘ziga xos tabiati, iqlimi hamda joylashuv relefidan kelib chiqqan holda, dronlar yordamida olingan tasvirlarni puxta ko‘rib chiqib, loyihani takomillashtirish lozimligi qayd etildi. Viloyat rahbari mutasaddilarga loyiha yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalarni berib, uni takomillashtirish hamda qayta taqdimotga kiritish vazifasini yukladi.
Keyingi manzilda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Xususan, Qaytmas mahallasida kasanachilik asosida ko‘rpa-to‘shak tayyorlash faoliyatini yo‘lga qo‘yib, xotin-qizlar bandligini ta’minlayotgan, yosh qizlarga kasb sirlarini o‘rgatayotgan Dilrabo Tojiyevaning xonadonida bo‘lindi. Viloyat rahbari tadbirkor bilan suhbatlashib, faoliyatini kengaytirish uchun zarur yordamlar ko‘rsatilishini bildirdi hamda tuman hokimiga tikuvchilik dastgohlari yetkazib berish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, ushbu mahallada yashovchi Marhabo Mo‘minovaning yashash xonadonida tashkil etgan “Uy kutubxonasi” bilan ham tanishildi. Kitobning kelajak avlod tarbiyasidagi roli, yetuk va komil insonlarni tarbiyalashdagi o‘rnini yaxshi anglab, barchaga o‘rnak bo‘ladigan ishga qo‘l urgani uchun minnatdorchilik bildirildi hamda ushbu namuna asosida mahallalarda uy kutubxonalari tashkil etish tajribasini ommalashtirish lozimligi qayd etildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz