Muzrabotda ishlab chiqarish ob’ektlari va ish o‘rinlari yaratayotgan loyihalar bilan tanishildi
Aholi bandligini ta’minlash, turmush farovonligini yaxshilash bugunning ustivor vazifalaridan biridir. Viloyatimizda ham yangi quvvatlarni ishga tushirgan holda yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar hamda ularda yaratilayotgan ish o‘rinlari bilan tanishish maqsadida Muzrabot tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, tumanning “Muzrabot darvoza” mahallasi hududida “Muzrabot parranda” xususiy korxonasi tomonidan qayta tashkil etilayotgan parrandachilik kompleksi faoliyati bilan tanishildi. Umumiy qiymati 53 mlrd so‘m bo‘lgan loyiha yiliga 155 mln dona tuxum yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘lib, to‘liq quvvatda ish o‘rinlari sonini 150 taga yetkazish mumkin. Ayni vaqtda loyihani qayta ishga tushirish jarayonlari ketayotganligi sababli mavjud quvvatlar to‘liq ishga solinmagan.
Viloyat rahbari mavjud imkoniyatlarni ishga solish, kompleksning to‘liq quvvatda ishlashi uchun tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga vazifalarni belgilab berdi.
Shundan so‘ng, Mustaqillik mahallasida “Otabek-Og‘abek-E’zoza” oilaviy korxonasining temirchilik sexi faoliyati hamda unda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘zdan kechirildi. Qiymati 700 mln so‘mlik loyihada temirchilik mahsulotlari, jumladan, eshik va darvozalar, turli hajmdagi o‘rindiqlar, yozgi ayvonchalar, temir supalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 20 nafarga yaqin kishining bandligi ta’minlangan. Viloyat rahbari mahsulotlarni yasash jarayonlari bilan tanishib, tadbirkor ustadan “Ustoz-shogird” a’nanalari asosida yoshlarga hunar o‘rgatish taklifini berdi. Shuningdek, mutasaddilarga ustalar uchun sharoit yaratishda tadbirkorga ko‘mak ko‘rsatish vazifasini topshirdi.
Keyingi manzilda yana bir parrandachilik loyihasi – “Movarounnahr” MChJning parradanchilik kompleksi faoliyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlari bilan tanishildi. Hozirda 70 ming bosh parranda boqilayotgan kompleksdagi imkoniyatlardan kelib chiqib, jalb qilingan yangi kredit mablag‘lari hamda tadbirkorning o‘z resurslari hisobiga yana 120 ming parranda xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatini yillik 20 mln dona tuxum va 150 tonna go‘sht yetishtirishga yetkazish, shuningdek, ish o‘rinlari sonini hozirgi 14 tadan 30 taga oshirish rejalashtirilgan.
Loyihalar taqdimoti va mavjud imkoniyatlar bilan tanishgan viloyat rahbari tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari va tuman mutasaddilariga tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Tashrif yakunida Duoba mahallasida Prezidentimizning «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga “Hafizullo Hamidullo” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan non mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi.
Tayyor non mahsulotlarini ko‘zdan kechirgan viloyat rahbari Prezidentimizning tashabbusi bilan tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklar sababli eng chekka hududlarda ham yangi ish o‘rinlari tashkil etilayotganligini qayd etdi. Tadbirkor bilan suhbatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sotuvini ham sifatli tashkil etish uchun savdo nuqtasi tashkil etish yuzasidan tavsiyalarini berdi. Bu borada tadbirkorga yaqindan ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar yuklandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz