Hududlarda massivlar qurilishi hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash tadbirlari bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish, turmush farovonligini oshirish, mahallalarda infratuzilmani yaxshilash tadbirlarining borishi bilan tanishish maqsadida Termiz, Jarqo‘rg‘on va Sariosiyo tumanlariga tashrif buyurdi.
Viloyat rahbari ushbu tumanlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlarining qurilishi, turar joylar atrofida infrastrukturaning yaratilishi, hududni obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi. Shuningdek, Termiz tumanida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini tashkil etish ishlarining borishi yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.
Ishlar sust olib borilayotganligi, chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilmaganligi, qurilish ishlari tugallangan turar joylar atrofida yashil hududlarni barpo etish, daraxt ko‘chatlarini o‘z vaqtida sug‘orish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqid qilindi. Mas’ullarga ishlarni tizimli tashkil etish vazifasi topshirildi hamda har bir ob’ekt atrofida qurilish ishlari tugallanishi bilan obodonlashtirish ishlarini olib borish, bolalar maydonchalari, dam olish ayvonchalari hamda maysazorlarning tashkil etilishi lozimligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari hududlarga tashrifini Sariosiyo tumanida og‘ir hudud sifatida tanlab olingan Billur mahallasida davom ettirib, infratuzilmani yaxshilash ishlari bilan tanishdi. Sektor rahbarlari va mahalla “yettiligi”ning axborotlarini tingladi. Mahalla bo‘ylab yurilib, qilingan ishlar ko‘zdan kechirildi hamda aholi bilan muloqot qilindi. Nuroniylarning yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha murojaatlariga asosan ishlarni qisqa muddatda boshlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.
Xususan, mutasaddilarga mahallada “Tashabbusli budjet” loyihasida yutib olingan yo‘lni ta’mirlash ishlarini boshlash, qisqa muddatda yaroqsiz yog‘och ustunlarni beton ustunlarga almashtirish, elektr energiyasi ta’minotidagi uzulishlarni bartaraf etish topshirildi.
Tashrif yakunida Hulkar mahallasida aholining ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasidagi murojaati joyida o‘rganildi. Mas’ullarga hududni ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, keyingi yil davlat dasturiga taklif berish vazifasi yuklandi. Loyiha amalga oshirilgunga qadar mahalla aholisini muqobil yo‘llar orqali, xususan, maxsus suv tashish transportlari yordamida ichimlik suvi bilan ta’minlanishi belgilandi.
Shuningdek, har ikkala mahalla “yettiligi”ga ham aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, kriminogen vaziyatni yaxshilab, hududni “yashil” toifaga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz