Prezident topshirig‘i amalda: Muhandislik-texnologiya institutining korxonalar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilmoqda
Davlatimiz rahbari huzurida joriy yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz muhandislik-texnologiya institutida viloyatdagi yirik ishlab chiqarish korxonalarining institut bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi. Unda “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida institutga sanoat hamkorini belgilash, talabalar amaliyotlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Shuningdek, institut qoshida tajriba ishlab chiqarish korxonalarini (spin-of) tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Shundan so‘ng, instituti majlislar zalida “qizil” toifadagi yoshlarni mas’ullarga biriktirish ishlari va ular bilan amalga oshiriladigan kelgusidagi chora-tadbirlar haqida taqdimot qilindi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda harbiy qismlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullariga biriktirilgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar, xususan, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, turli to‘garaklarga jalb qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Tashrif yakunida talabalar tomonidan yaratilgan texnologiyalar, turli ishlanmalar ko‘rgazmasi bilan tanishildi. Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, iqtidorli talabalarning ko‘nikmalaridan unumli foydalangan holda ularning ishlanmalari asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng viloyat rahbari Termiz tumanidagi “Asadbek Davlatov” fermer xo‘jaligining g‘alladan bo‘shagan maydonlaridan yoshlarga yer ajratish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda onlayn shaklda tumanlar studiyalari ham ulanib, har bir hududdan 100 nafardan yoshga yer maydonlari ajratib berildi. Yoshlarga yerdan unumli foydalanish, daromadli mahsulotlar yetishtirib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mas’ullarga ajratib berilgan yer maydonlarini shudgorlab, ekin ekishga tayyor holda ajratib berish vazifasi topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz