Ta’lim muassasalardagi mavjud sharoitlar o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahri va Angor tumanidagi ta’lim muassasalari faoliyati, ulardagi mavjud sharoitlar hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.

Xususan, viloyat rahbari tashrif dasturiga muvofiq dastlab, viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida bo‘lib, mavjud sharoitlari bilan tanishdi. Xonalarni sovutgichlar bilan ta’minlash hamda ta’mirlash bo‘yicha mas’ullarga vazifalar topshirildi. Shuningdek, Termiz shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi to‘garaklar faoliyati bilan ham tanishildi.

Shundan so‘ng, 9-sonli maktabda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, ijtimoiy soha ob’ektlarini autsorsing asosida isitilishini tashkil etish bo‘yicha ishlar bilan tanishildi. Autsorsing xizmati ko‘rsatayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Shu yerning o‘zida vohamiz tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan markazlashgan, raqamlashtirilgan isitish pechlari taqdimoti bilan tanishildi.

Mavsumga hozirdan puxta hozirlik ko‘rish, viloyatdagi qolgan muassasalarda ham markazlashgan isitish tizimlarini o‘rnatish va autsorsing asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilandi. Bundan tashqari mazkur maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.

Viloyat rahbari ta’lim muassasalari bilan tanishuvini Angor tumanida davom ettirib, 8-sonli maktabga tashrif buyurdi. Maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari, o‘quv xonalarini ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga eski o‘quv binosining foydalanishga yaroqlilik holatini o‘rganish, shunga asosan ta’mirlash yoki qayta qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Tashrif davomida viloyat rahbari maktab joylashgan Kayran mahallasi nuroniylari bilan ham muloqot qilib, mahalladagi muammolarni o‘rgandi. Shuningdek, yoshlarni sportga jalb qilish ishlari bilan tanishdi. Mahalla hududida sport to‘garagi tashkil etgan tadbirkor faoliyati bilan ham tanishilib, uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan yordam berilishi ta’kidlandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.