Prezident topshirig‘i ijrosi: Qizilsuv daryosi bo‘yida yoshlar sayilgohi barpo etilmoqda

Kuni-kecha Prezidentimiz huzurida yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Surxondaryo tajribasi asosida yoshlar sanoat zonalarida sanoat binolarini qurish topshirig‘i ham berilgandi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda yoshlar bilan ishlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, yoshlar sanoat zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda taqdimotlar bilan tanishish maqsadida Denov tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, tuman markazidan o‘tuvchi Qizilsuv daryosi o‘zanini tozalash, qirg‘oqlarini mustahkamlash hamda yoshlar sayilgohini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Viloyat qurilish shtabi mas’ullari tomonidan avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar, jumladan, daryo atrofi, qirg‘oqlari hamda o‘zanlarini tozalash, chiqindilarni olib chiqish borasidagi ishlar yuzasidan axborot berildi.

Ishlarni jadallashtirish, yoshlarning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishlari, ularning sayr qilishi, madaniy hordiq chiqarishi, shuningdek, kitob o‘qishi uchun sharoitlar yaratish, sayilgoh hududida kutubxona tashkil etish vazifalari belgilab berildi.

Shundan so‘ng, shu yerning o‘zida shahar va tumanlar hokimlari hamda hududlardan tashrif buyurgan faol yoshlar bilan muloqot qilindi. Hokimlar tomonidan hududlarda yoshlar ko‘chasini tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Viloyat rahbari o‘zining taklif va tavsiyalarini berib, hududlarda yoshlar ko‘chalari va sayilgohlarni faol va lider yoshlarning takliflarini inobatga olgan holda ularning tavsiyasi asosida tashkil etish lozimligini qayd etdi.

Keyingi manzilda, Ko‘zichoqli mahallasida tashkil etilayotgan “Yoshlar tadbirkorlik va sanoat zonasi”da amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishildi. Shuningdek, Prezidentimizning topshirig‘iga asosan har bir tumanda ushbu tajriba asosida yoshlar sanoat zonalari va sanoat binolarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Tashrif yakunida tumanda 17 gektar maydonda umumiy qiymati 576 mlrd so‘m, shundan 11 mln dollari xorijiy investitsiya bo‘lgan 8 ta loyihani o‘z ichiga olgan “Termiz” erkin iqtisodiy zonasining Denov tumanidagi Ko‘zichoqli hududida amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan korxonalar faoliyati bilan ham tanishildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.