Ulug‘bek Qosimov: “Ertangi mo‘l hosil bugun amalga oshirayotgan agrotexnik tadbirlarimizga bog‘liq”

Ayni yozning chillasi qishloq xo‘jaligi, xususan, g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun muhim palla hisoblanadi. Bu davrda o‘g‘itlash, tizimli ravishda sug‘orish, g‘o‘zani chilpish va zararkunandalardan himoya qilish mavjud hosilni saqlab qolish va ko‘paytirishda muhim omil hisoblanadi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Muzrabot, Sherobod va Qiziriq tumanlarida bo‘lib, hududlardagi klaster va fermer xo‘jaliklarining paxta maydonlarida bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Viloyat rahbari hududlarga biriktirilgan Ishchi guruh vakillari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, rivojdan orqada qolayotgan dalalarda parvarishlash ishlarini jadallashtirish bo‘yicha sektor rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullarining hisobotlarini tingladi.

Ayrim dalalarda ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi, chilpish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi, bu esa rivojdan ortda qolayotgan dalalar sonining ortishiga, hosildorlikning kamayishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. Sektor rahbarlari, soha mutasaddilari tomonidan yetarli chora-tadbirlar ko‘rilmaganligi tanqid qilindi.

Harorat o‘ta yuqori bo‘lgan ayni kunlarda har bir daqiqa hosildorlik uchun muhim ekanligi, o‘z vaqtida qator oralariga ishlov berish, shamollatish, o‘g‘itlash va sug‘orish, g‘o‘zani chilpish va zararkunandalardan himoya qilish lozimligi qayd etildi. Tadbirlarning muddatida va sifatli bajarilishi bilan hosilni issiqda saqlab qolish hamda uni ko‘paytirish imkonini berishi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat rahbari belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi Ishchi guruh vakillari tomonidan doimiy monitoring qilib borilishini, mas’ullarning faoliyatiga shunga qarab baho berilishini bildirdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.