Madaniyat, madaniy meros obyektlari hamda xotin-qizlar bandligi va muammolari o‘rganildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahri va Termiz tumanida qator obyektlar bilan tanishdi hamda ajrim yoqasidagi oilalar, shuningdek, probatsiya hisobida turgan xotin-qizlar muammolarini o‘rgandi.

Dastlab, Termiz shahridagi San’at kollejining yangidan ta’mirdan chiqarilgan o‘quvchilar turar joyi va undagi sharoitlar bilan tanishildi. Yotoqxona, kollej atrofidagi hududlarni obodonlashtirish, tartibga keltirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklandi.

Shundan so‘ng, Termiz shahri Do‘stlik mahallasida 32 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlagan tadbirkor Sitora Magadovaning qandolatchilik sexi faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirib, faoliyatini kengaytirish, ish o‘rinlari sonini oshirish uchun barcha zarur ko‘maklarni ko‘rsatishga tayyorligini ta’kidladi. Mas’ullarga Prezidentimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri xotin-qizlar bandligini ta’minlash ekanligini, shunga asosan, Sitora Magadova kabi tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Viloyat rahbari Termiz shahrida obyektlar bilan tanishish davomida Alpomish mahallasida ajrim yoqasiga kelib qolgan oila muammolarini o‘rgandi. Bir oilaning buzilishini jamiyatda fojea sifatida qarash, o‘zbek millati mentaliteti va qadriyatlarida oila muqaddas ekanligini chuqur anglash lozimligi ta’kidlanib, ajrim yoqasidagi oilalarda mahalla “yettiligi”, faollar, nuroniylar bilan tushuntirish ishlarini olib borib, yarashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Shundan so‘ng “Qirqqiz” madaniy meros obyektida olib borilayotgan restovratsiya ishlari, hududni obodonlashtirish, tashrif buyuruvchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘ziga xos tarixiy obida sanalgan obyektni saqlash, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari Termiz tumanida probatsiya hisobida turgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Termiz arxitektura va qurilish texnikumida o‘tkazilgan uchrashuvda ushbu toifadagi xotin-qizlar muammolari tinglandi. Qilingan birgina xato sabab ayol degan muqaddas nomga dog‘ bo‘lgan bu kabi ishlardan qaytish, sog‘lom turmush kechirish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Tuman mutasaddilariga ro‘yxatdagi xotin-qizlar bilan manzilli ishlab, sog‘lom turmush tarziga qaytishi va boshqa muammolarini hal etish uchun yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifalari topshirildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.