Sherobodda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar o‘rganildi
Aholining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida Prezidentimizning “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Surxondaryoda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda hamda “Sayxunobod” tajribasini joriy etish ishlari davom etmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘lga qo‘yilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida Sherobod tumaniga tashrif buyurdi.
Viloyat rahbari tumanga tashrifini Do‘stlik mahallasida faoliyat yuritayotgan “Imron gold fayz” MChJning mebel mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Korxonada nogironligi bo‘lgan fuqarolar bandligi ta’minlangani uchun qator imtiyozlar berilgan. Viloyat rahbari tadbirkorga bu boradagi ishlari uchun minnatdorchilik bildirib, faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, Balxiguzar mahallasida kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi orqali olingan imtiyozli kredit mablag‘i evaziga tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishildi. Yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan viloyat rahbari, loyiha tashabbuskoriga minnatdorchilik bildirdi hamda bu kabi loyihalar bolalarni to‘liq bog‘chaga qamrab olishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Shuningdek, mahalla “yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishildi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, daromadlarini oshirish borasida mas’ullarning axborotlari tinglandi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar Ibroxim Abdulamedov va Murodulla To‘raboev xonadonlari misolida ko‘zdan kechirildi. Ushbu xonadonlarda baliqchilik, o‘rdakchilik, qurut tayyorlash hamda baliq pishirib sotish xizmatlari tashkil etilgan. Viloyat rahbari mutasaddilarga “Sayxunobod” tajribasini namunali joriy etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.
Mahalla bo‘ylab tanishuv davomida viloyat rahbari oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan xonadonda ham bo‘lib, xonadon sohibasi bilan suhbatlashdi hamda muammolarini tingladi. Mutasaddilarga oilaning muammolarini hal etish, turar joy sharoitlarini yaxshilash, uyini ta’mirlash hamda oila a’zolaridan birini davolanishiga ko‘maklashish vazifalari topshirildi. Shuningdek, oilani daromadli qilish uchun qoramol olib berish hamda tomorqasidan issiqxona qurish topshirig‘i berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz