Sherobodga tashrif: Mahallalarda avtoservis, aholi xonadonlari va BSK faoliyati bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Sherobod tumaniga tashrifi Majnuntol mahallasida davom etdi. Dastlab, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi orqali olingan kredit mablag‘lari evaziga “Zokir bobo” oilaviy korxonasi tomonidan tashkil etilgan avtomobillarga servis xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan tanishildi.
Viloyat rahbari yaratib berilgan imkoniyat va ajratilgan kreditdan samarali foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkor faoliyatini e’tirof etdi. Ajratilayotgan resurslardan ko‘zlangan maqsad, avvalo, ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish ekanligi ta’kidlandi hamda yo‘lga qo‘yilayotgan har bir loyihaning istiqbolli bo‘lishini ta’minlash lozimligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, ushbu mahallada yashovchi Tursunovlar xonadonida “Sayxunobod” tajribasi asosida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Fuqarolar o‘z yashash xonadonlarida milliy hunarmandchilik, xususan, gilam to‘qish, ko‘rpa-to‘shak tikish, parrandachilik va oqqand ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan hamda tomorqasidan samarali foydalanib kelmoqda. Viloyat rahbari mavjud resurslardan samarali foydalanilayotganligini e’tirof etib, yangi imkoniyatlar haqida to‘xtaldi. Mas’ullarga ushbu tajriba asosida aholini tadbirkorlikka o‘rgatish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tumanga tashrif yakunida og‘ir hudud sifatida tanlab olingan Dehqonariq mahallasida boshqaruv servis kompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qilingan ishlar taqdimot qilindi. Mahalla “yettiligi”ning faoliyati yuzasidan axborotlari tinglandi. Tuman sektor rahbarlariga mahallani namunali hududga aylantirish, BSK faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalari yuklandi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz