Termiz shahri va Termiz tumanida investitsiya loyihalari bilan tanishildi
Ma’lumki ish o‘rinlari yaratilishida xizmatlar sohasi muhim tarmoq hisoblanadi. Shuningdek, ushbu soha urbanizatsiyani rivojlantirish va turmush darajasini oshirishda ham asosiy omillardan sanaladi.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda yangi investitsiya loyihalari bilan tanishish maqsadida Termiz shahri va Termiz tumanidagi qator ob’ektlarga tashrif buyurdi.
Dastlab, Termiz shahri Saxovat mahallasida joylashgan “Xusan polvon Termiz” xususiy korxonasi tomonidan xostel xizmatini tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Korxona tomonidan 6 mlrd so‘mlik loyiha doirasida 10 ta ish o‘rni yaratilgan. Viloyat rahbari xostel faoliyatini kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarini berdi.
Shundan so‘ng, “Avicena international” xorijiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan “Shahzod shifo” ko‘p tarmoqli xususiy klinika faoliyati bilan tanishildi. Hozirda lor, urolog, xirurg, ginekologiya, nevropatolog, kardiolog, revmotolog tibbiy xizmatlarini ko‘rsatuvchi klinika zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Tibbiy xizmat ko‘lami va turlarini ko‘paytirish, sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Keyingi manzilda “MAGNATE COLORS PRODUCTS” MChJ va “BIZIM KIMYA” MChJ tomonidan tashkil etilayotgan lak bo‘yoq va pardozlash mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Umumiy qiymati 30 mlrd so‘m bo‘lgan loyihaga 10 mlrd so‘m xorijiy investitsiya jalb qilingan. Yiliga 20 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kutilayotgan loyiha doirasida 20 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Viloyat rahbari Termiz shahridagi loyihalar bilan tanishuvi davomida “AZIZA FAMILY CAKE” oilaviy korxonasida ham bo‘lib, milliy shirinliklar ishlab chiqarish faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Yaratilgan ish o‘rinlari, ularda xotin-qizlarning bandligi ta’minlanganligi, "Ustoz-shogird" an’analari asosida yoshlarga qandolatchilik sirlarini o‘rgatish borasidagi ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi.
Investitsiya loyihalarini o‘rganish ishlari Termiz tumanida davom etdi. Tumanning Sabzipoya mahallasi hududida “Tursuntosh parranda” MChJ tomonidan umumiy qiymati 81 mlrd so‘mlik parrandachilik klasterini tashkil etish ishlari bilan tanishildi. Loyiha doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lib, to‘liq quvvatda ish boshlagach, korxonada 60 ta doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Viloyat rahbari loyiha bilan tanishuv davomida tadbirkorning mavjud muammolarini tingladi hamda yechimi yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Tumanga tashrifning keyingi manzili “Termiz xalkaro savdo markazi” hududida tashkil etilayotgan Fonon zargarlik korxonasi faoliyati bilan ham tanishildi. Sohaga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan foydalangan holda korxonaga xorijiy davlatlardan eng so‘nggi zargarlik asbob-uskunalari keltirilib, o‘rnatilgan.
Shundan so‘ng shu yerning o‘zida viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining 2024 yil 1-yarim yilligidagi faoliyati hamda Prezidentimizning “Surxondaryo viloyatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan taqdimotlar bilan tanishildi. Unda majmua tarkibiga kiruvchi boshqarma, tashkilot va idoralar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining sohaga mas’ul o‘rinbosarlari ishtirok etib, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha axborot berdi.
Mutasaddilarga eksport hajmlarini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda boshqa masalalar yuzasidan tarmoqlar va hududlar kesimida vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz