Denovda “Sayxunobod” va “Uychi tumani” tajribalarini joriy etish ishlari o‘rganildi
Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk va Novosibirsk viloyatlariga tashrifini yakunlab, Termizga qaytib kelgan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun loyihalarning borishi, berilgan topshiriqlar ijrosi, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash tadbirlarida ishtirok etish uchun Denov tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab, Qizilsuv daryosi bo‘yida yoshlar saylgohi va turizm maskani tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Loyiha doirasidagi ishlarning borishi hamda avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Shundan so‘ng, tuman markazidagi “Eko” bog‘da viloyat Xalq qabulxonasining “Murojaatdan - daromadga” loyihasi doirasida Denov tumanida istiqomat qiluvchi 100 nafar ishsiz xotin-qizlarga tikuvchilik dastgohlari topshirish tadbirida ishtirok etildi. Viloyat rahbari xotin-qizlar bandligini ta’minlash yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini ta’kidlab, yaratib berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish zarurligini qayd etdi.
Ushbu loyiha doirasida vohamizdagi 91 ta mahallada istiqomat qiluvchi 505 nafar ishsiz xotin-qizlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun sharoit yaratish maqsadida tikuvchilik dastgohlari topshirildi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida “Sayxunobod” va “Uychi tumani” tajribalarini joriy etish yuzasidan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Xususan, hududlarda tajriba asosida qilingan ishlar, mahsulotlar yetishtirish ishlari taqdimot qilindi.
Viloyat rahbari tumanga tashrifini O‘rikzor mahallasida davom ettirdi hamda “Sayxunobod” va “Uychi tumani” tajribalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Jumladan, “Denov Durdona ABZ” xususiy korxonasining eshik-oyna romlari ishlab chiqarish, “Petrochin agro” MChJ tomonidan Turkiya davlatining “Ekolagic Tarm” kompaniyasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini himoya qilish kompleks o‘g‘itlari yetkazib berish loyihasi va “Gold mebel” YaTTning mebel mahsulotlar tayyorlash hamda “Mega master Denov” oilaviy korxonasining gips mahsulotlari va sun’iy gul bezaklari yasash faoliyati bilan tanishildi. Loyihalarni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish borasida zarur tavsiyalar berildi.
Shuningdek, O‘rikzor mahallasida kichik biznesni ko‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ajratilgan 100 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga “Qorayev Akmal” YaTT tomonidan yo‘lga qo‘yilgan fasfud va yarim tayyor mahsulotlar tayyorlab sotish xizmatini ko‘rsatish nuqtasi faoliyati bilan ham tanishildi.
Viloyat rahbari tumanga tashrifi yakunida Vodiy mahallasida bo‘lib, “Nematullo tex xizmat” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan sport majmuasi faoliyati bilan ham tanishdi. Hududdagi yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lgan viloyat rahbari tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi hamda loyihani rivojlantirish bo‘yicha takliflarini tingladi. Tadbirkorning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kredit mablag‘lari ajratish masalasini hal etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz