Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida qurilish sohasidagi ishlar o‘rganildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarda turar-joylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilishi hamda ushbu yo‘nalishdagi loyihalar taqdimoti bilan tanishish maqsadida Jarqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlariga tashrif buyurdi.

Dastlab, Jarqo‘rg‘on tumanida sport obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularga malakali murabbiylarni jalb etish orqali mahallalarda sportni ommalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Jumladan, ikki qavatli bo‘sh obyektning ikkinchi qavatida tashabbuskor tomonidan tashkil etilgan sport majmuasida yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari bu kabi loyihalarni ommalashtirish, tashabuskorlarni qo‘llab-quvvatlash lozimligini qayd etdi.

Shundan so‘ng, tumandagi 2-sonli maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarining borishi, o‘quv binosi va sinf xonalarini ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga umumta’lim maktablarida rus va ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan sinflar tashkil etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Mutasaddilarga maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash va ta’mirlash ishlarini qisqa muddatda yakunlash vazifasi qo‘yildi.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi o‘rganish ishlari davomida turizm va yoshlar ko‘chalarini tashkil etish hamda “Yangi O‘zbekiston” massivida mini stadion, bolalar maydonchalari va boshqa obyektlarning loyiha taqdimotlari bilan tanishildi. Taqdimot bilan tanishgan viloyat rahbari 24/7 rejimda faoliyat ko‘rsatuvchi turizm va yoshlar ko‘chalari bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berdi. Massivda tanlab olingan loyihalarga asosan ijtimoiy soha obyektlari, mini stadion va bolalar maydonchalarini qurish, turar joylar atrofini obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi.

Hududlarga tashrif Sho‘rchi tumanida davom etdi. Dastlab, tumanning G‘armaqo‘rg‘on mahallasida 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurish ishlari ko‘zdan kechirildi. Hozirda binoning ikkinchi qavatida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Viloyat rahbari loyihani sifatli amalga oshirish, muddatida yakunlash hamda obyekt atrofida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish vazifasini topshirdi.

Tashrif yakunida Sho‘rchi tumani ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasini rekonstruksiya qilish, 150 o‘rinli qo‘shimcha bino qurish ishlarining borishi bilan tanishildi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirgan viloyat rahbari bemorlarning davolanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatish hamda markazlashgan holda barcha xonalarda kislorod konsentratori apparatlari bilan ta’minlash vazifalarini belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.