Ulug‘bek Qosimov: “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yashovchilarning bandligini ta’minlovchi loyihalarni amalga oshirishimiz kerak!”
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifini yakunlab Termizga qaytib keldi hamda bugun Termiz, Jarqo‘rg‘on va Sariosiyo tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi bilan tanishdi.
Dastlab, Termiz tumani Yangiobod mahallasida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi va “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish ishlarining borishi hamda avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganildi. Shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumani Qorayontoq mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar qurilishi ham ko‘zdan kechirildi.
Hudud rahbarlari, qurilish sohasi mutasaddilari hamda qurilish-pudrat korxonalari vakillari ishlarning borishi, berilgan topshiriqlar ijrosi hamda kelgusidagi reja va vazifalar yuzasidan axborot berdi. Viloyat rahbari “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yashovchilar uchun ish o‘rinlari yaratish birinchi galdagi vazifa ekanligini ta’kidladi hamda bu borada loyihalarni ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. Shuningdek, ishlarni sifatli olib borish, joriy yilda qurilishi belgilangan turar joylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini muddatida yakunlash vazifasi yuklandi.
Shundan so‘ng, hududlarda o‘rganish ishlari Sariosiyo tumanida davom ettirildi. Tumanning Lutfikor mahallasi hududidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish ishlarining borishi, tumanda kanalizatsiya, oqova va ichimlik suv tarmoqlari hamda umumfoydalanuvdagi yo‘llarni barpo etish, ta’mirlash jarayonlari yuzasidan tayyorlangan taqdimotlar ko‘rib chiqildi. Loyihalarning borishi mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.
Har bir loyihada ishlarni jadallashtirish, sifatini alohida nazoratga olish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, soha tadbirkorlarining muammo va masalalari tinglandi. Mutasaddilarga quruvchilar bilan ishlab, ularni qiynab kelayotgan masalalarni hal etish, kommunikatsiya tarmoqlari bilan to‘liq ta’minlash vazifalari topshirildi.
Viloyat rahbari investitsiya dasturi asosida tumandagi 22-sonli maktabning 420 o‘rinli o‘quv binosini mukammal ta’mirlash va 360 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurish jarayonlari bilan ham tanishdi. Maktab qurilishida birinchi navbatda sifatga e’tibor qaratish, hududni obodonlashtirish, ta’mirlash ishlarini o‘quv yili boshlangunga qadar yakunlash lozimligi qayd etildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz