Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida ijtimoiy soha obyektlari faoliyati bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun haftalik ish rejasiga muvofiq yoshlar bilan ishlash, ijtimoiy soha obyektlari faoliyati hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlariga tashrif buyurdi.

Dastlab, Qumqo‘rg‘on tumanida M41 halqaro avtomagistral yo‘lining Beshqahramon mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida “Yoshlar va turizm ko‘chasi”ni tashkil etish ishlari bilan tanishildi. Loyihaga ko‘ra bu yerda yoshlar uchun turli madaniy va ko‘ngilochar obyektlar, xordiq chiqarish maskanlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Mas’ullar qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan axborot berdi.

Shundan so‘ng, tumanning Joziba mahallasida yakka tartibdagi tadbirkor “Rahimkulov Muzaffar Mustafayevich”ga qarashli sport klubida yoshlarni sportga jalb qilish hamda 3-sonli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan tanishildi. Mas’ullarga tadbirkorlarning bu kabi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sportni rivojlantirish va bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish ko‘rsatkichlarini oshirish vazifalari belgilab berildi.

Keyingi manzilda “Oqqapchig‘ay” oilaviy shifokorlik punkti binosida yaratilgan sharoitlar va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishildi. Tibbiyot maskani binosi eskiligi va ta’mirga muhtojligini inobatga olib, yangi bino qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Shuningdek, shu yerning o‘zida aholi bilan muloqot qilinib, ularning murojaatlari tinglandi. Ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Qumqo‘rg‘on tumaniga tashrif yakunida Munchoqtepa mahallasi hududidagi “Alpomish o‘g‘lonlari” fermer xo‘jaligining yoshlarga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish va ekin ekilishi holati ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari yoshlar bilan suhbat davomida berilgan imkoniyatdan unumli foydalanish, ajratilgan maydonlarda eksportbop mahsulotlar yetishtirib, daromadli bo‘lish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘zining zarur tavsiyalarini berdi.

Hududlarga tashrif Sho‘rchi tumanida davom ettirildi va Guliston mahallasida joylashgan 14-sonli maktabda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoitlar bilan tanishildi. Shu yerning o‘zida “Yoshlar va turizm ko‘chasi” hamda Yoshlar shaharchasini tashkil etish ishlari taqdimot qilindi. Mutasaddilarga ishlarni jadallashtirish, velo yo‘laklar, piyodalar harakatlanishi uchun xavfsiz va qulay yo‘llarni yaratish, har bir obyektni loyihada aks ettirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.