Onkologiya va endokrinologiya tibbiyot markazlari faoliyati bilan tanishildi

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifidan so‘ng, kunning ikkinchi yarmida Termiz shahrida Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Surxondaryo filiallarida bo‘lib, ularning faoliyati hamda mavjud sharoitlari bilan tanishdi.

Dastlab, Respublika Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filiali faoliyati bilan tanishildi. Soha mutasaddilari onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash, oldini olish bo‘yicha birlamchi bo‘g‘in muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yuzasidan taqdimot qildi. Xususan, aholi, ayniqsa xotin-qizlarda uchraydigan onkologik kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlab, davolash choralarini ko‘rish maqsadida hududlarda o‘tkazilayotgan rejali tibbiy ko‘riklar va boshqa tadbirlar yuzasidan axborot berildi.

Shuningdek, shu yerning o‘zida aholini davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilish va “ijtimoiy karta” tizimini joriy etish yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘ining taqdimoti ko‘rib chiqildi. Ishlarni jadallashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, o‘tkazilgan xatlovlar natijalari asosida tizimli ishlarni tashkil etish vazifalari topshirildi.

Viloyat rahbari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlar, keltirilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ham tanishdi. Qo‘shimcha zamonaviy asbob-uskunalarning keltirilishi natijasida Toshkentda amalga oshirilib kelingan nur terapiya va kimyoviy terapiya muolajalarini o‘zimizda bajarish imkoniyati yaratilganligi qayd etildi.

Shundan so‘ng Respublika Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filialiga tashrif buyurildi. Viloyat rahbari tibbiyot markazida bemorlarning davolanishi uchun yaratilgan sharoitlar, keltirilgan tibbiy asbob-uskunalar hamda jihozlarni ko‘zdan kechirdi. Soha mutasaddilari va markaz mas’ullari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga asosan shifokorlar hamda ilmiy xodimlarning malakasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, markaz salohiyati haqida hisobot berdi.

Viloyat rahbari markaz shifokorlari bilan suhbatlashib, sohada ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish va o‘zimizda joriy etish kerakligini, buning uchun shifokorlarga xorijda malaka oshirishi uchun sharoitlar yaratib berilishini ta’kidladi. Markazga tashrif yakunida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 3 ta hududga xizmat avtomashinalari topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.