Jarqo‘rg‘onda kanal qurilishi, Sherobodda sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugungi hududlarga tashrifini Jarqo‘rg‘on tumanidan boshladi va Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Bobotog‘ kanalini modernizatsiya qilish va inshootlarini rekonstruksiya qilish" loyihasining borishi bilan tanishdi.

Loyiha pudratchisi bo‘lgan Xitoyning “China Geo-Engineering Corporation” kompaniyasi rahbari va hudud mutasaddilari modernizatsiya ishlarining borishi hamda mavjud muammolar yuzasidan axborot berdi. Viloyat rahbari rekonstruksiya ishlarida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha aloqador boshqarmalarga topshiriqlarni berib, ishlarni jadallashtirish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari tashrifini Sherobod tumanida davom ettirdi. Dastlab, “Komfort Inert Servis” MChJning granit plitalar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirish davomida vohamizda qurilayotgan ob’ektlarda ushbu mahsulotlardan foydalanish lozimligini, natijada import o‘rni qoplanib, tannarx arzon bo‘lishini qayd etdi. Shuningdek, korxona faoliyatini kengaytirish, mahsulotlarni eksportga chiqarish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Keyingi manzilda “Neo-Kaliy” MChJning kaliy zaxira maydonlarida yangi quduqlarni qazish va qidiruv geologiya ishlari bilan tanishildi. Loyiha doirasida hozirda qazilgan quduqlarni ishga tushirish, yangi zaxiralarni qidirish va burg‘ulash ishlari davom etmoqda.

Viloyat rahbari “NCG KOREA CEMENT” MChJ xorijiy korxonasining yiliga 2 mln tonna portland sement ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Umumiy qiymati 277 mln dollar bo‘lgan loyihani qurish davomida 2 mingta, to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 3 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Qurilish bilan bog‘liq masalalarni hal etishda loyiha tashabbuskorlariga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Tumanga tashrif davomida “Sherobod sement zavodi”da mavjud muammolar o‘rganildi. Zavod faoliyatini jonlantirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga solish hamda mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, shu yerning o‘zida Prezidentimiz huzurida joriy yil 22-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida sanoat korxonalariga ishga joylashtirilgan 25 nafar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Unda yoshlarga yangi ishlarida muvaffaqiyatlar tilagan viloyat rahbari sanoat korxonalarida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtaldi. Bu borada har bir sanoat korxonasida faoliyat yuritayotgan xodimlarning kamida 10 foizini ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish, muhandislik universitetlari bilan yangi loyihalarni ishlab chiqishi kerakligi belgilandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.