Boysunda turizm va xotin-qizlar bilan ishlash yo‘nalishlarida yangi vazifalar belgilab berildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov turizm, madaniy meros, madaniyat va sport yo‘nalishlari hamda xotin-qizlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, “Temir darvoza” dan 10 kilometr janubi-g‘arbda, Ko‘hitang tog‘lari cho‘qqisida joylashgan “Uzundara” istehkomida olib borilayotgan arxeologik izlanishlar bilan tanishildi.
Bundan 2 300 yil avval “Uzundara” istehkomi Baqtriya va So‘g‘d chegarasida shimoliy hududdagi mudofaani ta’minlagan muhim strategik ob’ekt sanalgan. Ayni vaqtda rossiyalik arxeologik olimlar bilan hudud tarixini o‘rganish maqsadida izlanishlar olib borilmoqda. Viloyat rahbari rus tarixchilari bilan yodgorlikning tarixiy ahamiyati, ilk davlatchilik shakllarining rivojlanishdagi o‘rni haqida suhbatlashdi. Mas’ullarga o‘ziga xos yirik inshootlar, qal’a devorlari hamda mustahkam fortifikatsiya inshootlariga sayyohlarni jalb qilish maqsadida turistik marshrutlar ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, Toqchi mahallasida 21 nafar “daftarlar”da turgan, ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan “Feruza” tikuvchilik sexi faoliyati bilan tanishildi. Loyiha USAID tashkilotining grand mablag‘larini yutib, tikuv dastgohlari bilan ta’minlangan. Viloyat rahbari sex faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ishlovchi xotin-qizlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida maishiy texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Keyingi manzilda tumanning Ariq-usti mahallasida “D3 FARM” MChJ tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilgan, umumiy qiymati 2 mlrd so‘m bo‘lgan, mahalla idorasi, sport klubi, umumiy ovqatlanish savdo nuqtasi hamda o‘quv markazini o‘z ichiga olgan majmua faoliyati bilan tanishildi. Xususan, yoshlarni sportga jalb qilish maqsadida tashkil etilgan sport klubida yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, binoning uchinchi qavatida tashkil etilgan xorijiy tillarni o‘qitish kurslari faoliyati yuqori baholandi. Viloyat rahbari kompleks faoliyatini kengaytirish, ko‘proq yoshlar uchun xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish yuzasidan zarur tavsiyalarini berdi.
Tumanga tashrifi yakunida viloyat rahbari oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlar va ko‘p yillardan buyon ibrat ko‘rsatib, umrguzaronlik qilib kelayotgan oilalarning uchrashuv tadbirida ishtirok etdi. Ma’riftli oila sanalgan, katta hayot tajribasiga ega nuroniylarimiz yoshlarga o‘zining tavsiya va o‘gitlarini berishdi. Viloyat rahbari bu kabi tadbirlarni ko‘paytirish, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish bilan birga jamiyatimizning og‘liqli masalalaridan biri bo‘lgan ajrimlarning oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi hamda shu yerning o‘zida tumanning Olmozor ko‘chasini Yoshlar va turizm ko‘chasiga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi. Viloyat rahbari loyiha asosida ishlarni jadallashtirish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz