Qiziriqda ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlar faoliyati bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Qiziriq tumaniga tashrif buyurdi.

Viloyat rahbari tumanga tashrifini Zarbdor mahallasidan boshladi va “Tursunpo‘lat Bahriddin” YaTTning eshik va deraza romlari hamda temirga ishlov berish faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkor avvallari xorijda chilangarlik ishlari bilan shug‘ullangan bo‘lib, mahalla “yettiligi” tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun ko‘rsatilgan ko‘makdan so‘ng ushbu loyihani yo‘lga qo‘ygan. Bundan tashqari migratsiyada yurgan qarindosh va sinfdoshlarini ham chaqirib ish bilan ta’minlagan. Viloyat rahbari tadbirkorga yaratgan ish o‘rinlari uchun minnatdorchilik bildirib, loyihani kengaytirish uchun barcha zarur yordam ko‘rsatilishini bildirdi hamda mas’ullarga kredit ajratish masalasini qisqa muddatda hal etish topshirig‘ini berdi.

Shundan so‘ng, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan tumanning Buyuk kelajak mahallasida tashkil etilgan mahalla servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. Mahalla sharoitlari va aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib, servis kompaniyasi zarur asbob-uskunalar hamda traktor texnikalari bilan ta’minlangan. Shuningdek, ushbu mahallada ishsiz, “daftar”larda turgan 20 nafar xotin-qizlar va 10 nafar yoshlarga o‘zini o‘zi band qilishi uchun subsidiya asosida asbob-uskuna va jihozlar topshirildi. Viloyat rahbari yaratib berilayotgan imkoniyatdan maqsadli va samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Viloyat rahbari ushbu mahalladagi tashrifini davom ettirib, Ibroxim Xusanov tomonidan tashkil etilgan xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkor yaratilgan imkoniyat va ajratilgan imtiyozli kreditdan samarali foydalanib, o‘ziga tegishli binoda umumiy ovqalanish nuqtasi, go‘sht va oziq-ovqat do‘koni hamda non mahsulotlari pishirish joylarini tashkil etgan. Tanishuv davomida mahalla nuroniylari bilan ham suhbat qilindi. Vohamizning chekka hududlaridan biri bo‘lishiga qaramasdan, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor sabab shahardan qolishmaydigan sharoitlari yaratilganini ta’kidlagan nuroniylar o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Tashrif yakunida viloyat hokimi ushbu mahallada yashovchi Nuriddin Abdujabborovning xonadonida bo‘ldi. O‘zi o‘qituvchi bo‘lib ishlasada, uyida matematika fanidan qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlarini ham o‘tuvchi Nuriddin aka bo‘sh vaqtlarida tomorqasida ishlab, madaniy xordiq olishini ta’kidladi. Xonadonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik va parrandachilik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Birgina ikki yildan buyon yetishtirilayotgan pavloniya daraxti 10 metrga yetgan. Shuningdek, xonadonning o‘zida yoshlarning o‘qishi hamda kasb-hunar o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Viloyat rahbari eng chekka hududda bo‘lsada yoshlarimizni o‘qitish, yetuk kadr qilib tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan, chin ma’noda qahramon vohadoshlarimiz borligidan faxrlanishini bildirdi va mas’ullarga Nuriddin Abdujabborov kabi insonlarni topib, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hayot yo‘llarini namuna qilib ko‘rsatish topshirig‘ini berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.