Termiz shahrida qurilish sohasidagi ishlar bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kommunal soha tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi. Dastlab, 300 o‘rinli tibbiyot klasterida olib borilayotgan yakuniy ishlar bilan tanishildi.

Hozirda obodonlashtirish va binolarni jihozlash ishlari olib borilayotgan loyihaning umumiy qiymati 78,7 mlrd so‘m bo‘lib, unda 300 o‘rinli tibbiyot markazi, 450 o‘rinli o‘quv xonalari va konfrensiyalar zali tashkil etilmoqda. E’tiborlisi, yuqori texnologik tibbiy muolajalarni amalga oshirish imkoniyatini beradigan “Tibbiyot klasteri”ning ishga tushirilishi natijasida fuqarolarning boshqa hududlarga sarson bo‘lishining oldi olinadi va yiliga 14,3 mlrd so‘m mablag‘ tejalishiga erishiladi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ faoliyati hamda mavjud imkoniyatlari bilan tanishdi. Xodimlar bilan uchrashuvda voha aholisini sifatli va toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash borasida amalga oshrilayotgan loyihalar, xususan, “To‘palang” daryosidan viloyatning 11 ta hududini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi loyiha haqida to‘xtaldi.

Bu kabi yirik loyihalar ishga tushirilgach, aholiga ichimlik suvining barqaror va tizimli yetkazib berilishida soha xodimlarining tezkor va samarali faoliyati zarurligi, ulardan fidoyilik talab etilishi qayd etildi. Buning uchun soha xodimlarining imkoniyatlarini oshirish hamda moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash maqsadida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ajratilgan 7 dona maxsus texnikalar hamda qo‘shimcha asbob-uskuna va jihozlar topshirildi.

Viloyat rahbari Milliy gvardiya boshqarmasida madaniyat markazi, yotoqxona, tibbiyot punkti va boshqa binolar qurilishi bilan tanishdi. Soha xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratish, loyihalarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga yangi vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlarining jismoniy va jangavor shayligini oshirish borasida yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari mashg‘ulot zalida o‘q otish mashqlarida o‘zini sinab ko‘rdi.

Shundan so‘ng, Termiz shahri Alisher Navoiy ko‘chasida qad rostlayotgan “IT park” va “IT akademiyasi” filiali binosining qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilar avvalgi tashriflarda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berdi. Viloyat rahbari zamonamizning eng talabgir va soat sayin rivojlanib borayotgan soha uchun qurilayotgan bino ham shunga yarasha barcha sharoitlar bilan ta’minlanishi lozimligini ta’kidlab, mas’ullarga qurilish-ta’mirlash hamda jihozlar ishlarida birinchi navbatda sifat va zamon talablariga e’tibor qaratish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘rganish yakunida viloyat rahbari Alisher Navoiy ko‘chasida tashkil etilayotgan “Yoshlar va turizm” ko‘chasi qurilishi bilan tanishdi. Ishlarni jadallashtirish, loyihaga asosan barcha ob’ektlarning sifatli hamda muddatida topshirilishini ta’minlash bo‘yicha shahar hokimi va soha mutasaddilariga vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.