Termiz va Oltinsoy tumanlarida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ob’ektlar qurilishi hamda sport va tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishish maqsadida Termiz va Oltinsoy tumanlariga tashrif buyurdi.
Dastlab, Prezidentimizning “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Termiz tumani tibbiyot birlashmasi Yangiariq hududiy shifoxonasining 80 o‘rinli binolarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Loyihaning umumiy qiymati qariyb 15,5 mlrd so‘m bo‘lib, 20 o‘rinli xirurgiya, 40 o‘rinli terapiya va 20 o‘rinli akusher ginekologiya bo‘limlari uchun binolar qurish hamda mavjud binolarni rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Viloyat rahbari qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, ob’ektni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish bo‘yicha hudud rahbarlari va ob’ekt qurilishiga mas’ul mutasaddilarga vazifalar yukladi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbarining tashrifi Oltinsoy tumanida davom etdi. Dastlab, tumanning “Oqarbuloq” mahallasida joylashgan 59-sonli oilaviy shifokorlik punkti faoliyati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bilan tanishildi. Tibbiyot muassasasi homiylik asosida 600 mln so‘mlik loyiha doirasida kapital ta’mirdan chiqarilgan hamda zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Viloyat rahbari muassasa faoliyati bilan tanishib, nuroniylar bilan suhbatlashdi hamda patronaj hamshiralarining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida planshetlar, paronaj sumkalari hamda 6 ta elektroskuter kalitlarini topshirdi.
Keyingi manzilda tuman Sport maktabida o‘quvchi yoshlarni sport to‘garaklariga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Viloyat rahbari sportchilar bilan uchrashuvida yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda yurt bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘taradigan sportchi bo‘lish lozimligini ta’kidladi.
Shu yerning o‘zida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kontrakt va davolanish uchun to‘lovlar hamda moddiy yordam uchun pul mablag‘lari sertifikatlari, o‘zini o‘zi band qilishi uchun jihozlar topshirildi.
Tashrif yakunida viloyat rahbari Bo‘ston mahallasida tashkil etilayotgan “Yoshlar va turizm ko‘chasi”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan hudud rahbarlarining axboroti tinglandi. Loyiha doirasidagi ishlarni jadallashtirish, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz