Yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlili ko‘rib chiqildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mas’ul boshqarmalar rahbarlari, quyi tizim mutasaddilari, shuningdek, jinoyat sodir etib, profilaktik hisobga olingan yoshlar va voyaga yetmaganlarning ota-onalari ishtirokida joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, ularning oldini olishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Alohida toifadagi shaxslarga “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida biriktirilgan ayrim tashkilotlar tomonidan ishlar lozim darajada bajarilmayotganligi tanqid qilindi hamda o‘tgan 7 oy davomida qayd etilgan jinoyatlar, xususan, yoshlar va voyaga yetmaganlar jinoyatlarining kelib chiqish sabablari tahlil qilindi.
Jumladan, hisobot davrida yoshlar tomonidan 448 ta, voyaga yetmaganlar tomonidan 79 ta jinoyat sodir etilgan. Jinoyat turlaridan yoshlar tomonidan nomusga tegish, bosqinchilik, transport vositasini olib qochish kabi holatlar oshganligi, voyaga yetmaganlar tomonidan esa bezorilik va giyohvandlik jinoyatlarini sodir etilishi ko‘payganligi, bu juda xavotirli holat ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari ayrim qizlarning noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolish holatlari qayd etilgan. Ushbu holat achinarli ekanligi ta’kidlanib, mas’ullarga ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda har bir masala, yo‘nalish tanqidiy ko‘rib chiqildi. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik yuzaga kelishiga sharoit yaratib bergan ayrim mutasaddilarning faoliyatiga huquqiy baho berish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, jinoyat sodir etib, profilaktik hisobga olingan yoshlar va voyaga yetmaganlarning har biri bilan manzilli ishlab, ularni sog‘lom turmushsh tarziga qaytirish, yana qayta jinoyat sodir etishining oldini olish, ularni turli fan va sport to‘garaklariga jalb qilish, voyaga yetgan yoshlarning bandligini ta’minlash kabi chora-tadbirlar belgilab olindi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz