Angorda loyihalar qurilishi, korxonalar faoliyati hamda TATU filiali taqdimoti bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Angor tumaniga tashrif buyurdi. Dastlab, tumanning Kattaqum mahallasida “STONE CITY ENERGY II B V” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan 1500-1600 MVt quvvatga ega kombayn elektr stansiyasini tashkil etish loyihasi qurilishi bilan tanishildi.

Vohaning energiyaga bo‘lgan talabini qondirish, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat korxonalari hamda aholiga uzluksiz, barqaror elektr energiyasi yetkazib berishda ushbu loyihaning ishga tushirilishi muhim hisoblanadi. Viloyat rahbari qurilish jarayonlari bilan tanishib, loyiha pudratchilari bilan fikr almashdi. Mutasaddilarga mavjud muammolarni hal etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shundan so‘ng, o‘tgan yili “Top Quality-Brand” MChJ tomonidan ishga tushirilgan, umumiy qiymati 17 mln yevro bo‘lgan terini qayta ishlash va poyabzal ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar turlari ko‘zdan kechirildi. Tadbirkor bilan suhbatda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Keyingi manzilda Navro‘z mahallasida joylashgan kichik sanoat zonasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalar, xususan, "Hasan Husan o‘g‘lonlari" xususiy korxonasining tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishildi. Mazkur kichik sanoat zonasida jami qiymati 16,8 mlrd so‘mlik 12 loyiha ishga tushirilgan va 95 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, 61 mlrd so‘mlik 2 ta loyihani tashkil etish ishlari davom etmoqda.

Viloyat rahbari tashrif davomida Yangiobod mahallasida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida olingan 100 mln so‘m kredit mablag‘i evaziga faoliyatini kengaytirgan “BEGZOD NURBEK SURXON” MChJning mebel ishlab chiqarish korxonasida yaratilgan ish o‘rinlari bilan ham tanishdi. Imkoniyatdan maqsadli foydalanib, ishlab chiqarish hajmini hamda ish o‘rinlari sonini oshirgan tadbirkorga minnatdorchilik bildirgan viloyat rahbari imtiyozli kreditlarni shu kabi istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga ajratish lozimligini qayd etdi.

Shundan so‘ng, Yuqori xo‘jaqiya mahallasida joylashgan sobiq Iqtisodiyot texnikumi binosida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – TATUning Surxondaryo viloyati filialini tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Taqdimot avvalida imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga faoliyatini kengaytirgan tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Viloyat rahbari TATU filialini tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha hamda sobiq texnikum binosining mavjud imkoniyatlari bilan tanishdi hamda mutasaddilarga tegishli vazirliklar mas’ullari bilan binoning talablarga muvofiqligini puxta o‘rganib, yakuniy xulosalarni tayyorlash va tegishli masalalarni hal etish vazifasini topshirdi.

Shuningdek, viloyat rahbari Angor tumaniga tashrifi davomida Yangiobod mahallasida 1,5 km va Xo‘janqon mahallasida 2,4 km ichki yo‘llarni ta’mirlash, asfaltlash ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Yo‘lsozlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Mutasaddilarga ishlarini sifatli va muddatida bajarish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.