Qiziriq tumanida ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov yoshlar bilan ishlash, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qiziriq tumaniga tashrif buyurdi. Viloyat rahbari tashrifini tumanning Zarobod mahallasida “Shaxmat oilaviy korxonasi” MChJga qarashli sport zal faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Sport zalida tashkil etilgan og‘ir atletika to‘garagiga hududdagi to‘rtta mahalla yoshlari jalb qilingan. Viloyat rahbari yoshlar bilan muloqotida surxondaryolik sportchilarning Olimpiya o‘yinlarida erishgan natijalariga to‘xtalib, yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishni so‘radi hamda yurt bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘taradigan sportchi bo‘lib yetishishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

Shuningdek, ushbu binodagi sport kiyim-kechaklari va jihozlari sotuvi bilan shug‘ullanuvchi savdo nuqtasi faoliyati bilan ham tanishildi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari umumta’lim maktablarining yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. Xususan, 29-sonli maktabda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, sinf xonalarini ta’mirlash va jihozlash, o‘quv yiliga tayyorlash, maktab kutubxonasining kitoblar fondi bilan tanishildi. Ishlar talab darajasida emasligi qayd etilib, mas’ullarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat rahbari maktab o‘qituvchilari bilan suhbatda o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, ta’lim sifatini oshirish, ularning o‘z ustida ishlari uchun sharoitlar yaratilishini bildirib, maktab ichki tartib qoidalari asosida tanlab olingan o‘quvchilar formasi namunalari bilan ham tanishdi.

Shuningdek, 36-sonli maktabda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirildi. Ishlar sust olib borilayotganligi, yangi o‘quv yili boshlanishiga kam muddat qolgan bo‘lsada ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilmaganligi tanqid qilindi. Tuman mutasaddilari va loyiha pudratchisiga 10 kun muddatda qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazish topshirig‘i berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.