Qiziriq tumaniga tashrif: Yoshlar jinoyatchiligi muhokamasi, yoshlar va futbolchilar bilan uchrashuv hamda loyihalar taqdimoti
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida yoshlar jinoyatchiligining oldini olish borasida shahar va tumanlar mutasaddilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar videokonfrensaloqa shaklida muhokama qilindi. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, joriy yilning o‘tgan davrida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi hamda markaziy, shahar va tumanlar studiyalaridan mutasaddilar hisobot berdi.
Yoshlar jinoyatchiligining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emasligi, ayrim rahbarlar tomonidan mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi hamda ularga nisbatan tegishli jazo choralarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat rahbari muhokamadan so‘ng, tuman Sport maktabida “Qiziriq PFK” futbol klubi rahbariyati va futbolchilari bilan uchrashdi. O‘zbekiston PFLning 1-ligasida debyutant sifatida ishtirok etayotgan futbol jamoasi hozirga qadar 14 ta o‘yindan 12 tasida g‘alaba qozonib, birinchi o‘rinda bormoqda. Viloyat rahbari futbolchilarga keyingi o‘yinlarda hamda Pro-ligaga chiqish yo‘lida omadlar tiladi. Klub faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha mutasadilarga vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, yoshlar bilan yangicha tizimda ishlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan dasturga asosan Milliy gvardiya viloyat boshqarmasiga biriktirilgan “qizil” toifadagi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ularning muammolarini hal etish, hayotda o‘z yo‘llarini topish, bandligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Tashrif yakunida tumanning Shodlik va Qishloqozon mahallalarining tutashgan qismidan o‘tuvchi avtomobil yo‘li bo‘ylab tashkil etilishi rejalashtirilgan "Yoshlar va turizm" ko‘chasi hamda Oqjar mahallasi hududida savdo markazi, mehmonxona, oshxona, avtoservis, chorva mollari sotish va logistika markazlari qurish loyihalari taqdimoti bilan tanishildi.
Viloyat rahbari loyihalar yuzasidan o‘zining zarur tavsiyalarini berib, “Yoshlar va turizm” ko‘chasi tashkil etish uchun tanlab olingan hududda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi hamda loyiha asosida ishlarni jadallashtirish, sifatli amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalarni belgilab berdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz