Termiz tumanida investitsion loyihalar va korxonalar faoliyati bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning bugungi hududlarga tashrifi Termiz tumaniga bo‘ldi. Tashrif dasturiga muvofiq investitsion loyihalar hamda ishlab chiqarish va sanoat korxonalari, shuningdek, logistika markazi faoliyati, yangi tashabbuslar taqdimotlari bilan tanishildi.
Jumladan, tashrifning dastlabki manzilida “Tavsiya Surxon” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan penoplast ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Umumiy maydoni 2 gektar bo‘lgan loyihaning qiymati 4,1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ayni vaqtda korxonada 8 kishining bandligi ta’minlangan korxonada yiliga 2 ming tonnagacha penoplast mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayonlari hamda tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, tadbirkor bilan suhbatlashdi. Uy-joylar qurilishida zarur materiallar ishlab chiqaruvchi tadbirkorga yangi loyihalarni amalga oshirish hamda faoliyatini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi. Tuman mutasaddilariga tadbirkorning kommunikatsiya bilan bog‘liq masalalarini hal etish vazifasi topshirildi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari tumanning Bunyodkor mahallasida “Arzon plyus mahsuloti” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan tashkil etilgan plastik toladan gilam ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. 300 ming dollar xorijiy investitsiya hisobiga tashkil etilgan korxona arzon xom ashyodan turli rangdagi naqshinkor, namlik va sovuqni o‘tkazmaydigan gilamlar ishlab chiqaradi.
Keyingi manzilda 2021-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan, yiliga 50 ming kub metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega “Termiz tezkor qurilish” xususiy korxonasining asfalt qoplamasi tayyorlash zavodi faoliyati ko‘zdan kechirildi. Umumiy qiymati 56,1 mlrd so‘mlik yirik loyihada 20 ta ishchi o‘rni yaratilgan. Viloyat rahbari hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash tadbirlari qizg‘in pallada ketayotgan ayni vaqtda bunday korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
Tashrif yakunida “Surxon mega fruit” MChJ tomonidan logistika markazi tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Viloyatimizning qator hududlariga yaxna ichimliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish xizmatini ko‘rsatishi rejalashtirilgan logistika markazi loyihasining umumiy qiymati 5,5 mlrd so‘m bo‘lib, 52 ta ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Viloyat rahbari loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar hal etilishida ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi hamda mas’ullarg tegishli vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida tadbirkor tomonidan yoqilg‘i quyish va boshqa xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish loyihalari ham taqdimot qilindi. Viloyat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish yuzasidan o‘zining zarur tavsiyalarini berdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz