Sariosiyo tumanida investitsiya loyihalari va korxonalari faoliyati bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov investitsion loyihalar, ishlab chiqarish korxonalari va yaratilayotgan ish o‘rinlari bilan tanishish maqsadida Sariosiyo tumaniga tashrif buyurdi. Viloyat rahbari tumanga tashrifining dastlabki manzilida “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” AJ Xonjiza kon boyitish fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.

Tanishuv davomida viloyat rahbari fabrika rahbariyati bilan dispetcherlik va boshqaruv markazida suhbat qilib, ishlab chiqarish quvvatlari, ularni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi rejalari bilan tanishdi. Viloyat rahbari fabrikada ilmiy izlanishlar olib borish uchun ilmiy xodimlar jalb qilinmaganligini tanqid qilib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, shu yerning o‘zida Prezidentimizning joriy yil 22-iyun sanasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida sanoat korxonasiga ishga joylashtirilgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, “Maroqand Denov parranda” xususiy korxonasi tomonidan parrandachilikni tashkil etish loyihasi bilan tanishildi. Loyiha Sariosiyo va Denov tumanlarining tutash hududida amalga oshirilayotgan bo‘lib, 20 ta ish o‘rni yaratilmoqda. Shu yerning o‘zida hududdagi mahalla “yettiligi” bilan suhbat qilinib, ularning faoliyati va kelgusidagi rejalari yuzasidan axboroti tinglandi.

Keyingi manzilda “Smart Communication” MChJning “Imzo” brendi asosida eshik va deraza rom ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Umumiy qiymati 117 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan loyiha yiliga 300 ming dona eshik va deraza romlari ishlab chiqarish quvvatiga ega hamda 200 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari va tayyor mahsulotlar ko‘zdan kechirilib, faoliyatni kengaytirish yuzasidan zarur tavsiyalarni berildi.

Viloyat rahbari “Surxon sifat tekstil” XK tomonidan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ip-kalava ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 2019-yilda ishga tushirilgan korxonada 500 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Tanishuv davomida tadbirkor bilan suhbat qilinib, muammolari tinglandi hamda ko‘tarilgan masalalarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Tanishuvning keyingi manzili tumanning Galabutta mahallasida “Solanuz Fresh Food” MChJning muzlatgichli omborxonasi bo‘ldi. Hudud aholisi asosan kartoshkachilik bilan shug‘ullanganligi bois ushbu muzlatgichli omborxonada asosan urug‘lik va tovar uchun yetishtirilgan kartoshka mahsulotlari saqlanadi. Mavsumda 300-400 tagacha, yilning qolgan vaqtlarida 100 tagacha mavsumiy ishchilar kartoshka yetishtirish va omborxona ishlarida mehnat qiladi.

Viloyat rahbarining Sariosiyo tumaniga tashrifi davomida videokonfrensaloqa orqali Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat komissiyasining yoshlar siyosati sohasida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosining 7 oylik yakunlari va yil yakuniga qadar oldinda turgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.