Boysunda aholi bandligi va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihalari bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar, yaratilayotgan ish o‘rinlari hamda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida “Sayxunobod” tajribasini joriy etish ishlari bilan tanishish maqsadida Boysun tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, viloyat rahbari tumanning Shirinobod mahallasida "Turdi Jo‘raqul" fermer xo‘jaligi tomonidan tashkil etilgan sutni qayta ishlash loyihasi bilan tanishdi. Umumiy qiymati 600 mln so‘m bo‘lgan loyihani kengaytirish uchun kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali imtiyozli kredit mablag‘i ajratilgan bo‘lib, 10 ta ish o‘rni yaratilgan. Yillik quvvati 90 tonna bo‘lgan sexda qaymoq, kefir, smetana va boshqa turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Viloyat rahbari ish jarayonlari hamda mahsulotlar bilan tanishib, shu yerda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Tadbirkorga loyihani yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvati va ish o‘rinlari sonini oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berdi.

Shundan so‘ng, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali ko‘mak ko‘rsatilgan yana bir loyiha, “Dream’s Shahrinaz” oilaviy korxonasining hunarmandlik mahsulotlari tayyorlash va tikuvchilik fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Loyiha doirasida 62 ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yiliga 2,9 mlrd so‘mlik 10 turdagi hunarmandchilik va tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanadi.

Viloyat rahbari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishar ekan, Surxon vohasining milliy kiyimlari, do‘ppi va choponlar, folkor liboslar tikilishi yo‘lga qo‘yilganligi, milliy qadriyat va an’analarni rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi uchun tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Tashrif so‘ngida viloyat hokimi tumanning Bog‘ibolo mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 65 yoshli tajribali dehqon Yodgor Mamatmurodovning xonadonida bo‘ldi. O‘zining shaxsiy tomorqasida bog‘dorchilik, ko‘chatchilik, issiqxona hamda chorvachilikni yo‘lga qo‘ygan mirishkor oila a’zolarini ham doimiy mehnatga, tomorqadan samarali foydalanishga o‘rgatib keladi.

Viloyat rahbari fuqaroning mazkur ishlarini, dehqonchilik tajribasini e’tirof etdi hamda tashrif yakunida mas’ullarga “Sayxunobod” tajribasini namunali tashkil etish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.