Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida qurilish loyihalari bilan tanishildi

Joriy haftaning birinchi kunida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov investitsiya dasturi va “Tashabbusli budjet” loyihalarining ijrosi, infratuzilmani yaxshilash hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining qurilishi bilan tanishish maqsadida Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlariga tashrif buyurdi.

Viloyat rahbari dastlab, Qumqo‘rg‘on tumani Uyas mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-595 "Surxon-Jaloir-Dushanbe-Termiz-Kakaydi-Lalmikor" avtomobil yo‘lining 4 km qismini asfaltlash ishlari bilan tanishdi. Mahalla nuroniylari va faollari bilan suhbat qilindi. Mahalla obodligi va aholi turmush farovonligi uchun amalga oshirilgan ishlardan minnatdor bo‘lgan nuroniylar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘rab duoga qo‘l ochdi. Viloyat hokimi qurilish ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh yo‘lsozlarga sovg‘alar topshirdi. Shuningdek, ushbu mahallada joylashgan 10-sonli maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng, 2024-yilgi investitsiya dasturiga asosan qariyb 6,8 mlrd so‘mlik loyiha evaziga mukammal ta’mirlanayotgan 9-sonli maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishildi. Yakuniy pardozlash ishlari olib borilayotgan 840 o‘rinli o‘quv binosini yangi o‘quv yili boshlangunga qadar foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi. Mas’ullarga tumandagi barcha maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlarini sifatli yakunlash topshirig‘i berildi.

Viloyat rahbarining hududlarga tashrifi Sho‘rchi tumanida davom etdi. Tumanga tashrifning ilk manzilida Oynako‘l mahallasida joylashgan 22-sonli maktabning 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi qurilishi ko‘zdan kechirildi. Ushbu loyiha ham joriy yilgi investitsiya dasturiga asosan amalga oshirilayotgan bo‘lib, qariyb 4,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirda 3 qavatli o‘quv binosining uchinchi qavatini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyat rahbari maktab qurilishi bilan tanishuvdan so‘ng, mahalla aholisining murojaatlarini tingladi. Yo‘l, ichimlik suvi va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash, davolanish uchun ko‘mak ko‘rsatish kabi masalalarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Keyingi manzilda “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida yo‘llarni ta’mirlash taklifi bilan g‘olib bo‘lgan Baxshtepa mahallasidan bo‘lindi. Loyiha doirasida mahalladagi 25 ta ko‘chaning 22 tasi asfaltlangan. Viloyat rahbari mahalla aholisining hamjihatligi ortidan hudud infratuzilmasi yaxshilanganini ta’kidladi.

Viloyat rahbari Baxshtepa-1 mahallasining Yangiyer qishlog‘ida barpo etilayotgan 330 o‘rinli yangi umumta’lim maktabi qurilishi bilan ham tanishdi. Loyiha qiymati 13,5 mlrd so‘mni tashkil etuvchi maktab qurilishi ham joriy yilgi investitsiya davlat dasturi orqali amalga oshirilmoqda. Qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, yangi maktabni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish yuzasidan vaziflar belgilandi.

Tashrif yakunida Bo‘ston mahallasida umumiy qiymati 12,9 mlrd so‘m bo‘lgan 990 o‘rinli maktabning o‘quv binosi qurilishi ko‘zdan kechirildi. Shu yerning o‘zida shahar va tumanlar hokimlarining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va pudratchilar bilan amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, viloyatda xotin-qizlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, oilalarda ma’naviy muhitni yaxshilash, xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha shahar va tumanlar hokimlarining xotin-qizlar masalalariga mas’ul o‘rinbosarlari bilan muhokama qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda yangi vazifalar belgilab berildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.