Madaniyat markazlari, turizm va yoshlar ko‘chalari qurilishi bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasining juma kuniga mo‘ljallangan tashrif yo‘nalishiga asosan Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlarida turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar hamda xotin-qizlar yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Dastlab, Termiz shahri Tuproqqo‘rg‘on mahallasi bo‘ylab obodonlashtirish, yo‘lbo‘yi infratuzilmasini yaxshilash, yashil hududlarni yaratish va saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Shundan so‘ng, ushbu mahallada joylashgan Ichki ishlar bo‘linmasida Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlari Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlarining ayollar jinoyatchiligini jilovlash, xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlari hamda kelgusidagi rejalari yuzasidan axborotlari tinglandi. Mutasaddilarga bu borada tegishli vazifa va topshiriqlar belgilab berildi.

Shuningdek, shu yerning o‘zida “Xo‘jaipok turizm zonasi va sihatgohi” qurilishi bo‘yicha taqdimot ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasidagi ishlarni sifatli amalga oshirish, hududda zarur infratuzilmani yaratgan holda sayyohlar uchun tunu-kun xizmat ko‘rsatuvchi maskanga aylantirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Termiz tumaniga tashrif buyurib, “Uchqizil” suv ombori bo‘yida tashkil etilayotgan “Yoshlar va turizm ko‘chasi”ning qurilish ishlari bilan tanishdi. Amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglandi. Shuningdek, “Uchqizil” suv omboridagi mavjud imkoniyatlarni ishga solgan holda yaratilishi rejalashtirilgan ekoturizm maskanlari loyihalari ham taqdimot qilindi. Ekoturizm maskanlarini tashkil etish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan suv ombori atrofida infratuzilmani rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkinligi ta’kidlandi hamda mutasaddilarga loyihalarning texnik va iqtisodiy asoslarini puxta ishlab chiqqan holda tasdiqqa kiritish topshirildi.

Tumanga tashrifning keyingi manzilida 3-sonli madaniyat markazini “Namunali madaniyat markazi”ga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Shu yerning o‘zida viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i bu borada shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Belgilangan loyiha va ko‘rsatmalarga asosan ishlarni tizimli tashkil etish, har bir hududda kamida bittadan namunali madaniyat markazini tashkil etish vazifasi topshirildi.

Viloyat rahbari hududlarga tashrifini Angor tumanida davomi ettirib, Navro‘z mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yida “Yoshlar va turizm” ko‘chasini tashkil etish ishlarining borishi bilan tanishdi. Shuningdek, 6-son “Yangiobod” madaniyat markazini “Namunali madaniyat markazi”ga aylantirish ishlari ko‘zdan kechirilib, mutasaddilarning amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.