Qiziriqda yoshlar bandligi, ijtimoiy soha obyektlari hamda loyihalar taqdimoti bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning hududlarga tashrifi Qiziriq tumaniga bo‘ldi. Dastlab, tumanning Qorasuv mahallasida yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ajratilgan 10 gektar yer maydonida tashkil etilgan kooperatsiyaga biriktirilgan yoshlar tomonidan urug‘ ekish jarayonlari bilan tanishildi.

Viloyat rahbari yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazib, berilayotgan imkoniyatdan samarali foydalanish, daromadli hamda eksportbop ekinlar yetishtirib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish borasida tavsiyalarini berdi. Mutasaddilarga kooperatsiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarga tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun yaqindan ko‘maklashish vazifalari topshirildi.

Shundan so‘ng, 47-sonli maktabning yangidan qurilgan o‘quv binosida yaratilgan sharoitlar hamda kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rish ishlari bilan tanishildi. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan autsorsing xizmati tomonidan bemorlar uchun ovqatlar tayyorlash jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Bemorlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini belgilangan ratsion bo‘yicha yetkazib berishni qat’iy nazorat qilish lozimligi qayd etildi.

Keyingi manzilda, Qiziriq shohbekati faoliyati hamda tumanda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Mutasaddilarga ishlab chiqilgan loyihalarning shaharsozlik normalariga mosligini ta’minlash, har bir loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini puxta tayyorlash bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, hududdagi bo‘sh yer maydonlarida infratuzilmani yaratgan holda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirish vazifalari topshirildi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.