Ishlab chiqarish korxonalari hamda oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun tadbirkorlar qabulidan so‘ng, Termiz shahrida ishlab chiqarish korxonalari, oilaviy tadbirkorlik loyihalari bilan tanishdi. Xususan, “Oravit keramik” MChJning umumiy qiymati 1 mln 850 ming dollarlik maishiy va dekorativ keramik buyumlar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi.
Loyiha 2021-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, yiliga 48 ming dona keramik buyumlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, korxonada 80 ta ish o‘rni yaratilgan. Viloyat rahbari loyiha tashabbuskori bilan suhbatlashib, faoliyatini kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish yuzasidan tavsiyalarini berdi hamda bu borada zarur ko‘maklar ko‘rsatilishini bildirdi.
Shundan so‘ng, “Surxondaryota’minbutlash” MChJning DSP laminatsiya mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishildi. Umumiy qiymati 2,5 mln dollarlik loyihaning ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxona faoliyatini sog‘lomlashtirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilab berildi.
Keyingi manzilda, Turon mahallasida fuqaro Furqat Qurbonov tomonidan tashkil etilgan non va non mahsulotlari ishlab chiqarish oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishildi. Mavjud imkoniyatlarni ishga solib loyihani yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar bandligini ta’minlagan. Viloyat rahbari tadbirkor bilan suhbatlashib, unga minnatdorchilik bildirdi hamda faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi.
Tanishuvlar yakunida Termiz shahrida barpo etilayotgan "Yoshlar va turizm" ko‘chasida olib borilayotgan qurilish ta’mirlash ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz