Denovda ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishildi hamda tadbirkorlar bilan muloqot qilindi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq, bugun investitsiya, eksport va sanoat yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlari, tadbirkorlar faoliyati, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida Denov tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, viloyat rahbari tuman markazida, M41 xalqaro avtomagistral va temiryo‘l ustidan barpo etilayotgan yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik qurilishi bilan tanishdi. Loyihani amalga oshirayotgan pudrat korxonasi rahbari bilan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishi, mavjud muammolar hamda ularning yechimi yuzasidan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng, “Yevro Med” xususiy klinikasi faoliyati bilan tanishildi. Klinikaga Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, qiymati 1 mln dollarlik murakkab yurak jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyatini beruvchi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar keltirilgan. Bemorlarga murakkab tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun viloyatimizda shunday sharoitlar yaratilayotgani fuqarolarimizning xorijiy davlatlarga sarson bo‘lishining oldini olishi qayd etildi.

Viloyat rahbari klinika yonida joylashgan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi mavjud sharoitlar hamda oshxonada bolalar uchun ovqatlar tayyorlash jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi. Bog‘cha faoliyatida kamchiliklar mavjudligi, hudud obodonlashtirilmaganligi tanqid qilinib, mutasaddilarga kamchiliklarni bartaraf etish topshirig‘i berildi.

Keyingi manzillarda “Ibrohim Behruz” MChJning 600 ming dollarlik temir va qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda “Denov Baron” MChJning mebel mahsulotlari tayyorlash korxonalari faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari ikkala loyiha bilan tanishuv davomida tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalarini berdi hamda barcha zarur ko‘maklar ko‘rsatilishini ta’kidladi. Shuningdek, Qizilsuv daryosi bo‘yida tashkil etilayotgan Yoshlar va turizm saylgohi qurilishi bilan ham tanishildi.

Tashrif yakunida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti majlislar zalida hudud tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, ularning tashabbus va takliflari tinglandi. Tadbirkorlarning faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarini hal etish, loyihalarini amalga oshirishga, xususan, kredit, bino va yer maydonlarini olishda ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar belgilab berildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.