Surxondaryoda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining 1 500 o‘rinli o‘quv binosi, Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida ko‘p qavatli turar joylar hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi bilan tanishdi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilish sohasi mutasaddilari bilan muhokama o‘tkazildi.

Unda loyihalar, turar joylar hamda ijtimoiy soha obyektlari qurilishi, rekonstruksiyasi borasida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Obyektlarni belgilangan muddatlarda sifatli qurish va foydalanishga topshirish hamda barcha zarur infrastruktura bilan ta’minlash lozimligi qayd etildi. Bu borada mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Al-Hakim at-Termiziy majmuasini obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda avvalgi tashrifda berilgan topshiriqlar ijrosi ko‘zdan kechirildi. Hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, mavsumga mos gul ko‘chatlari ekish, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish ishlarini jadallashtirish topshirildi.

Shu yerning o‘zida, mutasaddilar Termiz shahri Manguzar mahallasi hududida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan Avtoshohbekat loyihasi taqdimot qilindi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, loyihaviy yechimlari bilan tanishtirildi. Mazkur Avtoshohbekatni hududlardan Termiz shahriga keluvchi avtomobillar harakatini tartibga solish, tirbandliklarning oldini olish, shuningdek, ekologiya masalalariga yechim topish maqsadida qurish rejalatirilgan. Viloyat rahbari loyiha yuzasidan zarur tavsiyalarini berdi.

Shundan so‘ng, M39 xalqaro avtomagistral yo‘lining Termiz va Angor tumanlari tutashgan qismida joylashgan hududi bo‘yida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berildi. Viloyat rahbari daraxt ko‘chati ekish ishlarini boshlab berdi. Mavsumni sifatli o‘tkazish, hududning tuproq va iqlim sharoitlariga mos daraxt va buta ko‘chatlari ekish, har bir ko‘chatni sug‘orish va parvarishlash masalasini hal qilib keyin ekish lozimligi ta’kidlandi. Viloyat rahbari mazkur hududda ekilayotgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun tashkil etilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari, ishlash jarayoni bilan ham tanishdi.

Viloyat rahbari Termiz shahri “O‘zbekiston” mahallasidagi RK-6 hamda “Alpomish” mahallasidagi RK-5 markaziy qozonxonalarida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari bilan tanishdi. Mutasaddilarga qozonxonalarni sifatli ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rish vazifalari belgilab berildi.

 

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.