Qiziriqda loyihalar taqdimoti, Qumqo‘rg‘onda maktablar faoliyati bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar hamda ijtimoiy soha obyektlari faoliyati bilan tanishish maqsadida Qiziriq va Qumqo‘rg‘on tumanlariga tashrif buyurdi.
Dastlab, Qiziriq tumanida “Yoshlar va turizm ko‘chasi”, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish sexi hamda avtoturargoh va do‘konlar majmuasini qurish loyihalari taqdimoti bilan tanishildi. Viloyat rahbariga mutasaddilar loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari, yaratiladigan ish o‘rinlari hamda hududni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida axborot berdi.
Shundan so‘ng, viloyat rahbari Qumqo‘rg‘on tumanidagi 1-sonli va 24-sonli maktablar faoliyati bilan tanishdi. Xususan, 1-sonli maktabning foydalanilmayotgan, ta’mirtalab o‘quv binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-taklifini ishlab chiqish topshirig‘ini berdi. 24-sonli maktabda sport zali, shaxmat to‘garagi hamda kutubxona faoliyati ko‘zdan kechirilib, o‘qituvchilar bilan ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlariga qiziqtirish borasida suhbat qilindi.
Viloyat hokimi maktab bilim va tarbiya maskani bo‘lishi, “maktab – oila – mahalla” hamkorligini samarali tashkil etish, o‘quvchilarning maktablarda mobil telefonlardan foydalanishini tartibga solish, ijtimoiy tarmoqlarga qaramligining oldini olish muhimligini ta’kiladi.
Tumanga tashrif yakunida Neftchilar mahallasida tashkil etilgan sport klubi faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari murabbiy va sportchi yoshlar bilan suhbatidan so‘ng, mutasaddilarga mahallalarda sport klublari, to‘garaklar faoliyatini tashkil etish ishlarini jadallashtirish vazifasini topshirdi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz