Termizda teatr faoliyati, Sherobodda turizm ko‘chasi va Boysunda madaniyat markazi qurilishi bilan tanishildi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov turizm, madaniy meros, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar hamda xotin-qizlar bandligi masalalari bilan tanishish rejasiga muvofiq dastlab, Termiz shahridagi “Qo‘g‘irchoq” teatriga tashrif buyurdi.
Viloyat rahbari teatrda yaratilgan sharoitlar hamda yangi repertuarlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, Turkiyadan taklif qilingan rejissyorlar bilan yangi spektakl repetitsiyasi jarayonlari haqida suhbat qilindi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida vohamiz “Folklor” jamoalari uchun ajratilgan musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish moslamalari hamda kitoblar jamlanmalari topshirildi.
Ma’lumot uchun, Prezident qarori bilan har yili 10 ta folklor jamoalarining moddiy texnika bazasini mustahkamlash uchun 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratish belgilangan.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlarga tashrifini Sherobod tumanida davom ettirdi. Dastlab, tumanda tashkil etilayotgan, 24/7 rejimda faoliyat yurituvchi "Yoshlar va turizm" turizm ko‘chasi qurilishi bilan tanishdi. Shuningdek, ushbu hududda sohilbo‘yi ko‘ngilochar maskanlarini o‘z ichiga olgan turar joylar kompleksini barpo etish loyihasi taqdimoti ham ko‘rib chiqildi.
Viloyat rahbari turizm yo‘lagida bajarilayotgan qurilish ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirib, turizm ko‘chasida savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, dam olish va ma’naviyat maskanlar hamda sayyohlar uchun zarur qulayliklar yaratish, ishlarni sifatli olib borish yuzasidan vazifalarni belgilab berdi.
Shundan so‘ng, Boysun tumani Sayrob qishlog‘ida yangidan qurilayotgan 11-sonli madaniyat markazida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Topshiriqqa asosan belgilangan loyiha asosida “Namunali madaniyat markazi”ga aylantirilayotgan obyektning umumiy qiymati 540,5 mln so‘mni tashkil etadi. Tuman mutasaddilari amalga oshirilayotgan ishlar, markazning kelgusidagi faoliyati haqida axborot berdi.
Mutasaddilarga qurilish-ta’mirlash ishlarini sifatli olib borish, belgilangan muddatda yakunlash, markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash vazifalari topshirildi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz