Sariosiyoda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari hamda aholi xonadonlari bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Sariosiyo tumaniga tashrif buyurdi.

Dastlab, tumanning Shabnam mahallasida yashovchi Bozor Merganov va Sherzod Boqiyevlarning xonadonlarida ko‘chatchilik faoliyati bilan tanishildi. Bu yerda turli manzarali daraxt va gul ko‘chatlari yetishtirish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat rahbari xonadon sohiblari bilan suhbatlashib, mahalla “yettiligi”ga tajribani ommalashtirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash topshirig‘ini berdi. Shuningdek, mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Shundan so‘ng, Konchilar mahallasida kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash dasturiga asosan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilgan “Olmos Ximchistka Kompaniyasi”ning mebel, gilam, bruschatkalar kabi mahsulotlarni yuvish hamda kiyimlarni kimyoviy tozalash xizmati ko‘rsatish loyihasi, tadbirkor Sitora Hakimjonova tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Xizmat ko‘rsatish loyihasida 25 ta, tikuvchilik sexida 50 ta ish o‘rni yaratilgan.

Keyingi manzilda “5-Sariosiyo qurilish korxonasi” MChJ tomonidan 5,5 gektar maydonda tashkil etilgan temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Ishlab chiqarish jarayonlari, tayyor mahsulotlar ko‘zdan kechirildi. Viloyat rahbari tadbirkor bilan suhbatlashib, faoliyatini kengaytirish, ish o‘rinlari sonini oshirish yuzasidan zarur tavsiyalarini berdi.

Tumanga tashrif so‘ngida viloyat rahbari “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar hamda ijtimoiy soha obyektlari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurilishi bilan tanishdi, shuningdek, mutasaddilarning axborotlarini tinglab, qurilish ishlarini belgilangan muddatda yakunlash bo‘yicha topshiriqlarni belgilab berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.