Termiz va Angor tumanlarida "Yangi O‘zbekiston" massivlari va bog‘ qurilishi bilan tanishildi

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida hududlarga tashrifini Termiz va Angor tumanlaridan boshladi.

Dastlab, Termiz tumanida 27 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i hamda 28,5 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish ishlari bilan tanishildi. Bog‘ hududida birinchi navbatda sug‘orish tizimini tashkil etish, mavjud daraxtlarni saqlash, yashil zonalarni yaratish, turar joylar, oliy ta’lim muassasasi o‘quv binosining qurilishi yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

Hududda tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasasida 12 mingga yaqin talaba o‘qiydi hamda yangi bog‘ hududida amfiteatr, kongress hol, ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Viloyat rahbari qurilish-ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, sifatli amalga oshirish hamda belgilangan muddatda foydalanishga topshirish vazifalarini belgilab berdi.

Shundan so‘ng, Angor tumanida ham “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar qurilishi sifati ko‘zdan kechirildi. Mutasaddilarga qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tilib, ularni bartaraf etish yuzasidan vazifalar yuklandi. Shuningdek, Angor va Sherobod tumanlari tutashgan hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasining joriy kuzgi mavsumida daraxt ekish uchun tanlab olingan hududda taqdimot bilan tanishildi. Mutasaddilar hududning tuproq va iqlim sharoitlari, ekilishi rejalashtirilgan daraxt va buta ko‘chatlari turlari haqida axborot berdi.

Viloyat rahbari hududda bir oy muddatda sug‘orish tizimini yaratish, tuproq unumdorligini oshirish, ko‘chat ekish uchun tayyorlash hamda ko‘proq yashillik beruvchi, kislorod ishlab chiqarishda faol bo‘lgan ko‘chatlarni jamg‘arish hamda belgilangan muddatda ekish ishlarini bosh topshirig‘ini berdi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.