Jarqo‘rg‘on tumanida ijtimoiy soha obyektlari bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Jarqo‘rg‘on tumanida ijtimoiy soha obyeklari faoliyati bilan tanishdi. Dastlab, Nurli diyor mahallasida erkin kurash sport klubida bo‘lib, hudud yoshlar yetakchilariga stol tennisi va shaxmat anjomlarini topshirdi. Viloyat rahbari tadbir ishtirokchilariga sportning tarbiyaviy ahamiyati haqida misollar keltirib, sport bilan faol shug‘ullanishga chaqirdi.

Shuningdek, ushbu mahallada joylashgan etnografik muzey, unda saqlanayotgan tarix, madaniyat va an’analarni aks ettiruvchi eksponatlar ko‘zdan kechirildi. Shundan so‘ng, mahalladagi hunarmandchilik markazi faoliyati bilan tanishildi.

Viloyat hokimi Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo viloyati litseyiga tashrifida tarix darsida qatnashayotgan o‘quvchilar bilan Amir Temur shaxsi, davlatchiligi, sarkardalik faoliyati haqida suhbatlashdi. O‘quvchilarga tarixiy shaxslar va ularning hayot yo‘llarini o‘rganish, ko‘proq bilim olishlari lozimligi ta’kidlanib, bu kasbiy faoliyatlarida muhim ekanligi qayd etildi. Viloyat rahbari o‘quvchilarning tarixga qiziqishini yuqori baholadi va bunday muloqotlarni doimiy, boshqa ta’lim muassasalarida tashkil etish lozimligi bildirildi.

Tashrif davomida hokim Gulhovuz mahallasidagi 47-sonli maktabning yangidan ta’mirdan chiqarilgan o‘quv binosi bilan tanishdi. O‘quv binosida o‘qituvchi va o‘quvchilar qulay, zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlangan. Maktabda yangi qurilgan mini stadion ham foydalanishga topshirildi.

Shundan so‘ng, mazkur mahalladagi oilaviy shifokorlik punktining faoliyati bilan ham tanishildi. U yerda patronaj tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati ko‘rildi. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va salomatligini asrash oilaviy shifokorlik punktining asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi.

Umuman olganda, hokimning tashrifi, hududdagi yoshlar va aholi hayotining turli sohalarini yaxshilash, ta’lim va tibbiyot sohasida yangiliklar bilan tanishish hamda jamoatchilik bilan muloqot o‘rnatishga qaratilgan bo‘lib, bu tashabbuslar mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.