Termiz va Angor tumanlarida turar joylar qurilishi bilan tanishildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov qurilish sohasidagi ishlar bilan tanishish maqsadida hududlarga tashrifini Termiz tumanida davom ettirdi. Dastlab, Al-Hakim at-Termiziy majmuasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi. Berilgan topshiriqlar ijrosi o‘rganilib, mutasaddilarga ishlarni jadallashtirish vazifasi yuklandi.

Shundan so‘ng, tumanning “Yangiobod” mahallasida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi va “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishildi. Mutasaddilar, quruvchi kompaniyalar vakillari loyihalarning borishi yuzasidan axborot berdi. Turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari qurilishini jadallashtirish, loyihaning birinchi bosqichini sifatli yakunlab, xonadonlarni o‘z egalariga topshirishga tayyorlash lozimligi ta’kidlandi.

Shu yerning o‘zida xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash loyihalari taqdimot qilindi. Viloyat rahbari barcha loyihalarni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish vazifalarini topshirib, xorijiy hamkorlar bilan loyihaoldi tadqiqotlarni jadallashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek, “Surxondaryo suv ta’minoti” AJning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida korxonaga assenizator mashinasi topshirildi.

Hududlarga tashrifini Angor tumanida davom ettirgan viloyat rahbari dastlab, “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng, videokonfrensaloqa orqali hududlar rahbarlari, soha mutasaddilari va qurilish-pudrat korxonalari vakillari ishtirokida turar joylar va ijtimoiy soha obyektlari qurilishi, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarining borishi, markaziy qozonxonalarni rekonstruksiya qilish hamda yo‘llarni ta’mirlash ishlarining borishi muhokama qilindi.

Izoh qoldirish

So‘rovnoma
Surxondaryo viloyati hokimligi faoliyatini qanday baholaysiz?

Bog'lanish
Sayt Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari tomonidan yaratilgan.