Beshta davlat elchilari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Mehmonlar xalqaro savdo va logistika markazlari bilan tanishdi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoy elchisi Yuy Szyun, Germaniya elchisi Manfred Xuterer, Chexiya elchisi Lyubomir Frebort, Qatar elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim, BAA elchisi Muhammad Doxeriy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Ilhom Xaydarov ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda Surxondaryo viloyatida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi. Shuningdek, Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, Termiz xalqaro savdo zonasi, u yerda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari, vohamizning investitsion salohiyati, ushbu davlatlar investorlarini jalb qilgan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud soha va tarmoqlar, loyihalar ko‘rib chiqildi.
Bu kabi uchrashuvlar O‘zbekistonning mintaqadagi diplomatik mavqeini mustahkamlashga, iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirishga va qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan strategik ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Shundan so‘ng, Xitoy, Germaniya, Chexiya, Qatar va BAA davlatlari elchilari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, viloyatimiz rahbari Ulug‘bek Qosimov hamda Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakil Ismatilla Irgashev hamrohligida Termiz xalqaro savdo markaziga tashrif buyurdi.
Markaziy Osiyoda muqobili bo‘lmagan birinchi erkin savdo zonasi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida, Termiz tumani hududida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 mln AQSh dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes maktabi, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoranlar, xostel, yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.
Mehmonlar markazda Biznes maktabi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika va zargarlik mahsulotlari shourumlari hamda logistika markazi va boshqa bir qator obyektlar, shuningdek, zonada yaratilgan sharoitlari, imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishishdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Afg‘onistonni “Amudaryo” daryosi ustidan bog‘lab turuvchi “Xayraton” ko‘prigi bilan ham yaqindan tanishildi.
Shundan so‘ng, elchilar «TERMEZ CARGO CENTRE» transport-logistika markazi faoliyati bilan tanishishdi. Markaz qariyb 50 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, har biri 6 ming kv metr bo‘lgan 4 ta angarga ega umumiy 1,5 ming tonna omborni o‘z ichiga oladi.
Mazkur transport-logistika markazi O‘zbekistondan qo‘shni mamlakatlarga, shuningdek, dunyoning boshqa davlatlariga ham mahsulotlarni xavfsiz va ishonchli yetkazishda muhim logistika obyekti hisoblanadi.
-
Manzil :Termiz shahar, At-Termiziy, 1-A uy. Jamoat transportlari: 2,4,8,222,17,13,5
-
Telefon :+998 (76) 224-02-89, 1088 Antikorrupsiya +99876-228-0190-2012
-
E-mail:gov@surxondaryo.uz